Tramp 2024 yilgi prezidentlik saylovlarida qatnashish istagini bildirgan respublikachi nomzodlardan katta farq bilan oldinda ketmoqda.

Bu Trampning umumiy g‘alabasini kafolatlamaydi: demokratlar va hali pozitsiyasini aniqlolmagan saylovchilar orasida uning antireytingi yuqori.

Ammo 2016 yilgi saylovlarda ham Tramp so‘zsiz favorit statusida qatnashmagandi.

Donald Tramp qanday qilib «Teflon Don»ga aylandi?

2015 yil avgust oyida Amerikaning Politico nashri ijtimoiy so‘rovnomalarda Donald Trampning g‘ayritabiiy darajada barqaror mashhurligiga e’tibor qaratgan maqolani e’lon qilgandi — Tramp nima qilgan bo‘lishidan qat’i nazar, o‘z reytingini saqlab qolgan.

O‘shanda Trampning jurnalistlar bilan muloqot uslubi «dabdabali va ochiqcha» deya ta’riflagandi.

Ular Tramp barcha noqonuniy muhojirlarni «jinoyatchi va zo‘ravonlar» deb ataganini eslagan. Tramp senator Jon Makkeynni, uning barcha harbiy mukofotlari va besh yil Viyetnamda asirlikda bo‘lganiga qaramay urush qahramoni sifatida tan olishdan bosh tortgan.

Uning ayollarni kamsituvchi bayonotlari shunchalik ko‘p ediki, yaltiroq jurnallar ularni to‘plamlarga birlashtirdi. «Agar Hillari Klinton erini baxtli qila olmasa, nega u Amerikani baxtli qila olaman deb o‘ylayapti», degandi Tramp o‘zining asosiy raqibi, demokratlar nomzodi haqida.

«Agar (Trampning respublikachilar partiyasidagi raqibi) Jeb Bush, Hillari Klinton yoki boshqa istalgan nomzod Trampdek gapirib, u qilgan ishlarni qilganida, ularning saylovoldi kampaniyalari ko‘plab salbiy sarlavhalar sabab allaqachon o‘lgan bo‘lardi. Ammo Donald Tramp tirik va odatdagi qoidalar unga taalluqli emasligi aniq», deb yozgandi Politico nashri.

Foto: AFP

O‘shanda jurnalistlar bunday barqarorlik Trampning karera siyosatchisi emasligi bilan bog‘liq degan xulosaga kelgan. U siyosat olamiga tashqaridan kirib kelgan yirik tadbirkor; u oldindan mavjud bo‘lgan qoidalar, ommaviy axborot vositalari va siyosiy institutlardan nafratlanadi — bu esa saylovchilarga yoqadi.

O‘shandan keyin Donald Tramp prezidentlik saylovlarida g‘alaba qozondi, bir muddat prezidentlik qildi va ketishni shunchalik xohlamadiki, tarafdorlarini isyonga qo‘zg‘adi. Unga qarshi ochilgan har bir jinoiy ish doirasida u bir necha o‘nlab moddalar bo‘yicha ayblanmoqda, ularning ba’zilari uchun 20 yilgacha qamoq jazosi belgilangan. Ayblovlar orasida: yuqoridagi isyonni tashkillashtirish, saylov natijalarini bekor qilishga urinish, maxfiy hujjatlarni noqonuniy saqlash va boshqalar bor.