O‘zbekiston | 07:51 / 19.08.2023
3003
3 daqiqa o‘qiladi

Davlat tilida markirovka qilinmagan tovarga sanitariya-epidemiologik xulosa berilmaydi

Prezident farmoni bilan ayrim tovarlarni import qilish shartlari, shuningdek bir qator bojxona tartib-taomillarini tartibga soluvchi NHHlarga o‘zgartirishlar kiritildi.

2024 yil 1 yanvardan kuchga kiradigan asosiy o‘zgarishlar:

  • alohida davlatlardan olib kiriladigan mahsulotlarning muvofiqligini majburiy baholashdan ozod etish tartibi bekor qilinadi;
  • import tovarlarni davlat tilida markirovka qilish tartibiga o‘zgartirish kiritiladi.

Iste’mol tovarlarini import rejimida rasmiylashtirish uchun tovarlarni davlat tilida markirovka qilish talab etilmaydi. Ammo 2020 yil 1 avgustdan boshlab iste’mol tovarlarining ayrim turlari davlat tilida markirovka qilinmagan taqdirda, muvofiqlik sertifikati rasmiylashtirilmagan. Endi shunga o‘xshash norma sanitariya-epidemiologik xulosa berishga ham tatbiq etildi.

2024 yil 1 yanvardan boshlab ishlab chiqaruvchi, uning vakolatli vakili va import qiluvchi tomonidan qadoqqa davlat tilida markirovka tushirilmagan taqdirda, Vazirlar Mahkamasining tegishli ro‘yxatlaridagi tovarlar bo‘yicha muvofiqlik sertifikati va sanitariya-epidemiologik xulosa rasmiylashtirilmaydi. U lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosida yozilgan bo‘lishi kerak.

Davlat tilida markirovka qilish, ilgarigidek, iste’mol qadoqlariga ega bo‘lmagan hamda o‘z ehtiyoji uchun olib kelingan tovarlarga nisbatan talab qilinmaydi.

Mahsulotning muvofiqligini deklaratsiyalash yo‘li bilan tasdiqlash huquqi bekor qilinmoqda.

Sifat menejmenti tizimlarini joriy etgan va milliy akkreditatsiya tizimida akkreditatsiya qilingan sinov laboratoriyalaridan foydalanadigan tadbirkorlik sub’yektlari ular tomonidan O‘zbekistonda ishlab chiqariladigan mahsulotning muvofiqligini deklaratsiyalash yo‘li bilan tasdiqlashlari mumkin. 2024 yil 1 yanvardan boshlab ushbu imtiyoz bekor qilinadi.

2025 yil 1 yanvardan boshlab dori vositalarini va tibbiyot buyumlarini import qilishda bojxona qiymatining 1,2 foizi miqdorida bojxona rasmiylashtiruvi uchun yig‘im bekor qilinadi.

Rejalashtirilgan o‘zgarishlar:

  • mas’ul vazirliklar tovarlarni import qilish uchun litsenziya berish jarayonini avtomatlashtiradi;
  • yil yakuniga qadar transport xarajatlarini kompensatsiya qilish uchun subsidiya berish tizimi Jahon savdo tashkiloti talablariga moslashtirilishi kerak;
  • tovarlarni “eksport” va “import” bojxona rejimlariga rasmiylashtirish uchun undiriladigan bojxona yig‘imlari stavkalari ham Jahon savdo tashkiloti talablariga muvofiq birxillashtiriladi.

Mavzuga oid