Navbatdagi hujum avvalgilaridan biroz farq qiladi. Bu safar dronlar Moskva oblastiga bu yozda odatga aylangani kabi erta tongda emas, ertalabki tirbandlikka yaqin vaqtda uchib keldi. 11 avgust kuni ham dron kechroq kelgan va soat 11 ga yaqin Moskvaning Karamishevskaya sohilida qulagandi.
Mudofaa vazirligi xabar berishicha, bu safar ikki dron Rossiya poytaxtiga kirish joyida qulagan — soat 06:50 va 08:16 da. Harbiy idora versiyasiga ko‘ra, birinchi dron radioelektron kurash vositalari orqali yo‘nalishdan og‘dirilgan, ikkinchisi — urib tushirilgan. Birinchisi Ruzsk rayonidagi Pokrovskoye qishlog‘i atrofida, ikkinchisi — Moskva oblastidagi Istrinsk rayonida qulagan.
Mudofaa vazirligi dronlar qulagan joylarga aniqlik kiritmagan, ammo ko‘p vaqt o‘tmay RT telekanali bosh muharriri Margarita Simonyan o‘z telegram-kanalida dron o‘z uyiga yaqin hududda qulagani haqida yozdi.
«O‘sha uchuvchisiz qurilma. Uni Istrinsk rayonida urib tushirishdi, bizdan bitta narigi ko‘chada quladi. Havo hujumidan mudofaa tizimimizga rahmat, qurbon va yo‘qotishlar bo‘lmadi», — deya yozdi u foto ostida.

Dronlarning avvalgi hujumi 18 avgust kuni ro‘y bergandi, o‘shanda dron poytaxt markazigacha uchib kelgan va Krasnopresnenskaya sohilidagi «Eksposentr» ko‘rgazmalar majmuasi hududiga qulagandi. «Eksposentr»ning bir tomonida «Moskva-Siti» ishbilarmonlar majmuasi bor, bu yerga yoz davomida ikki bor hujum uyushtirildi (ikki safar ham vazirliklar ofislari joylashgan minoraga), ikkinchi tomonida esa — Rossiya hukumatining Oq uy binosi joylashgan.
Juma kuni bo‘lgani kabi, dushmanba kuni ham yangi hujum haqidagi xabarlar bilan bir vaqtda nafaqat Kiyev yo‘nalishida joylashgan Vnukovo va janubiy yo‘nalishda joylashgan Domodedovo, balki Moskvaning barcha to‘rt xalqaro aeroporti (Sheremetevo va Jukovskiy aeroportlari ham) faoliyati vaqtincha to‘xtatildi. Juma kuni bunday holat ilk bor ro‘y bergandi.
Juma kungidan farqli o‘laroq, dushanba kuni samolyotlar qo‘nishi va uchishi birinchi dron qulagani haqidagi xabardan keyinoq tiklanmadi. Rosaviatsiya press-reliziga ko‘ra barcha aeroportlar faoliyati soat 9:00 ga kelib tiklangan (o‘tgan haftada yarim soat ichida tiklangandi).
Rosavitsiyadagilar zaxira aerodromlardagi cheklovlar tufayli 45 yo‘lovchi reys (va ikkita yuk samolyoti)ni qayta yo‘naltirishga to‘g‘ri kelganini bildirgan. «Yandeks.Raspisaniye» servisi ma’lumotlariga ko‘ra, dushanba kuni 90 dan ortiq reys kechiktirilgan yoki bekor qilingan.

















