Ukrainada safarbarlik davom etmoqda va jamoat joylarida chaqiruv qog‘ozlarini ommaviy tarqatish hamda HChM xodimlari va fuqarolar o‘rtasidagi nizolar bilan birga kechmoqda. Vaqti-vaqti bilan odamlarni chaqiruv qog‘ozi topshirmasdan ham ko‘chadan olib ketish va HChMga olib borish mumkinligi haqida xabarlar paydo bo‘lmoqda.
Shu bilan birga, hatto prezident Volodimir Zelenskiy ham HChMdagi korrupsiya haqida gapirib, qo‘mondonlikni barcha hududlar «voenkomat»lari rahbariyatini o‘zgartirishga chaqirdi.
HChMga borishdan qo‘rqmang
«Biz chaqirayotgan asosiy narsa — bu shunchaki HChMga borib, ma’lumotlarni yangilashdir. Bu odam shundan keyin safarbar qilinadi yoki xatga tushadi, degani emas. Bu odatiy protsedura. Agar odam o‘z ma’lumotlarini yangilasa, bu HChM ishini osonlashtiradi, korrupsiya xavfining bir qismini yo‘q qiladi», degan mudofaa vaziri o‘rinbosari Anna Malyar Kiyevdagi brifingda.
«HChM ma’lumotlarini yangilash ko‘chalarda chaqiruv qog‘ozlarini berishda yuzaga keladigan ko‘plab muammolar oldini olishga yordam beradi va odamlardan o‘z mutaxassisliklari bo‘yicha samaraliroq foydalanishga imkon yaratadi», degan Ukraina qurolli kuchlari quruqlikdagi qo‘shinlari qo‘mondonligi shtab-kvartirasining kadrlar bo‘limi boshlig‘i Roman Gorbax.
Gorbax ham, Malyar ham ma’lumotlarni yangilash uchun HChMga borish darhol safarbar bo‘lishni anglatmasligini bir necha bor ta’kidlagan.
«Ma’lumotlarning yangilanishi — bu HChM kartotekalarini safarbarlik vaqtida xabardor qilishga yordam beruvchi muhim ma’lumotlar bilan to‘ldirishni anglatadi. Biroq ma’lumotlarni yangilash va safarbarlik ikki xil narsa», deydi Roman Gorbax.
Harbiy komissarliklardagi barcha janjallardan so‘ng, u «voenkomat»larda korrupsiyaga qarshi kurash olib borilayotganini aytgan va kelgusida ham bu kurash davom ettirilishiga ishontirgan.
Malyarning so‘zlariga ko‘ra, mudofaa vazirligi odamlar nega HChMga borishni istamasligini uzoq vaqt o‘rgangan va asosiy sabab qo‘rquv ekanini aniqlagan.
«Urush — qo‘rqinchli, biz barchamiz buni ochiq tan olamiz, ammo bu uyalish uchun sabab emas. Bu normal. Biz hammamiz tirik odamlarmiz va barchamiz g‘alaba qozonish uchun bu qo‘rquvni yengib o‘tamiz», deydi Malyar.

Uning so‘zlariga ko‘ra, shu sababli mudofaa vazirligi «keling va ma’lumotlaringizni yangilang» ruhidagi klassik murojaatlardan voz kechishga qaror qilgan. Buning o‘rniga ular psixologlarni jalb qilgan va taniqli brigada komandirlari o‘zlari ham qo‘rqqani, lekin qo‘rquvlarini yenga olganini rost va samimiy aytadigan kampaniyani ishlab chiqqan.


















