Rossiya parlamenti binosi – Oq uy yonida minglab odamlar davlat to‘ntarishiga qarshi namoyishga chiqdi. To‘ntarishga qarshilik harakatiga Rossiya prezidenti Boris Yelsin boshchilik qildi, u tank ustiga chiqib, armiyani zo‘ravonlik qilmaslikka, xalqni esa umumiy ish tashlashga chaqirgandi.
O‘sha kunlarda markaziy televideniyeda qayta-qayta ko‘rsatilgan «Oqqush ko‘li» baletidan tashqari, Yelsinning tank ustidagi fotosurati avgust oyi voqealarining ramziga aylanadi.
Ushbu mashhur fotosuratning boshqa ishtirokchilarining taqdiri qanday kechdi?
Aleksandr Korjakov

1990-yillarning nufuzli kishilaridan biri hozirda siyosiy faoliyat bilan shug‘ullanmaydi. U Eduard Uspenskiyning kitoblari asosida «Prostokvashino» deb ataluvchi Moskva yaqinidagi Molokovo qishlog‘ida yashaydi, kitoblar yozadi va hatto bir necha bor filmlarda rol ijro etgan.
1970 yildan boshlab Korjakov KGBning yuqori lavozimli partiya a’zolarini himoya qilish bo‘limida xizmat qilgan, ammo 1989 yilda «sog‘lig‘i va yoshi tufayli» nafaqaga yuborilgan. Korjakovning o‘zi buni Yelsinni qo‘llab-quvvatlagani bilan bog‘laydi, chunki u ishdan bo‘shatilgunga qadar bir necha yil davomida Yelsin bilan do‘stona munosabatda bo‘lgan, shuningdek, «Yelsindan qo‘lingni tort» plakatini ko‘tarib, mitinglarga chiqqan.
Bir necha yil davomida u siyosatchining norasmiy qo‘riqchisi bo‘lib ishlagan va maoshini turli joylardan, qo‘riqchi yoki brigadir sifatida ro‘yxatdan o‘tgan manzillardan olgan.
1991 yil sentabr oyidan boshlab Korjakov besh yil davomida o‘zi yaratgan Prezident xavfsizlik xizmati (keyinchalik Federal qo‘riqlash xizmatiga aylantirilgan) rahbari bo‘lib ishlagan. Yelsin ma’muriyati xodimlarining eslashicha, aynan ularning do‘stligi tufayli ushbu boshqarma «ham moliyalashtirish, ham siyosiy jihatdan Kremlning ustuvor e’tiboriga sazovor bo‘lgan».
Ammo «kseroks qutisi» bilan bog‘liq voqeadan so‘ng u ishdan bo‘shatilgan. O‘shanda, 1996 yilda Yelsinning saylov kampaniyasi paytida Korjakovning tashabbusi bilan Yelsin shtabi boshlig‘i Anatoliy Chubays, Arkadiy Yestafev va Sergey Lisovskiy kseroks qutisidagi yarim million dollar naqd pul bilan ushlangandi. Korjakovning fikricha, ular butun mamlakat bo‘ylab saylov komissiyalari uchun ajratilgan pullarni talon-toroj qilgan. Shu bilan birga, ko‘pchilik uning iste’fosini prezident ma’muriyatidagi ichki kurashlar bilan bog‘laydi.
Korjakov 1997 yildan 2011 yil dekabrigacha Davlat dumasining mudofaa qo‘mitasida ishlagan.

















