Jorj Vashington universiteti qoshidagi Milliy xavfsizlik arxivi AQSh prezidenti Bill Klintonning Rossiyaga ilk tashrifi haqida 11 ta hujjatni e’lon qildi. O‘sha Rossiya – AQSh sammiti 1994 yil 12 yanvardan 15 yanvargacha o‘tkazilgandi. E’lon qilingan hujjatlar ichida Yelsin va Klintonning yakkama-yakka uchrashuvi haqidagisi ham bor.
Klintonning Rossiyaga tashrifi doirasida Moskva, Vashington va Kiyev sovet yadro quroli Ukraina hududidan olib chiqilgani haqida kelishuvga erishilganini e’lon qilgandi. 30 yil o‘tib esa Klinton Ukraina yadro qurolisiz qolishiga sababchilardan bo‘lib qolgani uchun afsuslanishini aytadi.
Sammitdan oldin nima bo‘lgandi?
Milliy xavfsizlik arxivi e’lon qilgan ilk hujjat Klintonning milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Entoni Leykning 1993 yil dekabrida – AQSh prezidentining Moskvaga tashrifidan ikki hafta oldin tayyorlagan memorandumi bo‘lgandi. Unda Leyk Klintonga yuzlangan holda AQSh va Rossiya prezidentlari oxirgi oylarda paydo bo‘lgan yangi chaqiruvlarni hal qilishi kerakligini aytgan.
«Yelsin sizning eng muhim xorijiy hamkoringiz deyish mumkin. Rossiyadagi islohotlarni qo‘llab-quvvatlash tashqi siyosatdagi eng muhim vazifangiz bo‘lishi kerak. Bu borada prezidentlik davringizning birinchi yilida yaxshigina o‘sish sezildi. Bu sizning Yelsin bilan Tokio va Vankuverdagi uchrashuvlaringizdan farq qilib, Rossiyadagi demokratik eksperiment uchun burilish nuqtasi bo‘ladi», deb yozgan maslahatchi Leyk.
U Klinton 1993 yildagi inqiroz vaqtida Yelsinga katta siyosiy qo‘llov taqdim etganini aytgan. Shuningdek, hujjatda OAV Rossiya qo‘shni davlatlarga nisbatan agressiv siyosat olib borayotgan bir vaqtda Vashingtonni Yelsinga juda ishonib yuborayotganlikda ayblayotgani haqida ham aytilgan. Bunga misol sifatida Rossiyadagi parlament saylovlarida LDPR va Kommunistik partiya g‘olib bo‘lgani keltirilgan.
Leyk uchrashuvning asosiy mavzularidan biri Yelsinni «Tinchlik uchun hamkorlik» dasturiga ko‘ndirishdan iborat bo‘lishini aytgan. Bu NATOning alyansga a’zo bo‘lmagan davlatlar bilan ikki tomonlama hamkorlik qilish dasturidir.
«Siz Bryusselda o‘tkazadigan NATOning «Tinchlik uchun hamkorlik» dasturida qatnashish taklifingizga Yelsin «ha» deyishi ustida ishlayapmiz. Yelsin bu Rossiyaning G‘arb bilan integratsiyalashishi uchun muhim ekanini tushunishi kerak. Shuningdek, u Rossiya AQSh va boshqa davlatlar bilan yaxshi munosabatda bo‘lishi uchun xalqaro normalarga amal qilishi kerakligini ham tushunishi kerak», deyiladi memorandumda.
















