«Chorvachilikda identifikatsiya qilish tizimi va naslchilik sohasini takomillashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi prezident qarori qabul qilindi.
Qarorga ko‘ra, O‘zbekistonda hayvonlarni identifikatsiya qilish, ro‘yxatga olish va kuzatish tizimi quyidagi 2 bosqichda joriy qilinadi:
1-bosqich – 2023–2024 yillarda chorvachilikka ixtisoslashtirilgan 25 ta tumanda hayvonlarni identifikatsiya qilish, ro‘yxatga olish va kuzatish tizimini joriy qilish bepul amalga oshiriladi.

2-bosqich – 2025–2026 yillarda respublikaning qolgan tumanlarida.
Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasi sohada mas’ul organ hisoblanadi.
Qaror bilan Qo‘mita huzurida davlat muassasasi shaklida Hayvonlarni identifikatsiya qilish, ro‘yxatga olish va kuzatish markazi tashkil etiladi.
Shuningdek, 25 ta tumanda quyidagi yo‘nalishlarni o‘z ichiga olgan chorvachilik klasterlari tashkil etiladi:
- go‘sht va sut mahsulotlarini yetishtirish, shuningdek, aholidan yig‘ib olish, qayta ishlash va tayyor mahsulot shaklida realizatsiya qilish;
- tayyor ozuqa-yem mahsulotlarini ishlab chiqarish va ularni aholiga qulay bo‘lgan hududlarda sotish shoxobchalarini tashkil etish;
- aholi xonadonlariga mahsuldor naslli mollarni yetkazib berish;
- chorva mollarini so‘yish kushxonalari, terilarni qabul qilish va qayta ishlash quvvatlarini ishga tushirish;
- terini qayta ishlovchi korxonalar bilan birgalikda kooperatsiya asosida teridan tayyor mahsulotlarni ishlab chiqarish.
Shunga ko‘ra, tashkil etiladigan chorvachilik klasterlariga:
- 60 million AQSh dollari miqdorida kreditlar ajratiladi;
- paxta va g‘alla ekin maydonlarini qisqartirish hisobiga har bir tumanda kamida 100–150 gektar maydon ozuqabop ekinlar ekish uchun ajratiladi.
















