X (sobiq Twitter) ijtimoiy tarmog‘ida Toshkent shahrida qatnaydigan jamoat transporti — yashil tusli avtobuslarning metan to‘ldirish shoxobchasiga uzundan uzoq navbatga turgani to‘g‘risida videolavha tarqaldi.

Videoni joylashtirgan foydalanuvchi Zulfiya Ahmedova unga shunday sharh yozgan:

«Videoni ko‘rib dahshatga tushdim. Erinmasdan avtobuslarni sanashga o‘tdim, sanog‘iga yetolmadim. Bu faqat gaz muammosi emas. Shuncha turgan avtobus haydovchilarining ish soati kesilishi va oylik maoshiga judayam katta ta’sir ko‘rsatadi. Faqat gazmas, elektrobuslarda ham shu ahvol».

Videoni sharhlashda davom etgan foydalanuvchi jamoat transporti sohasidagi boshqa muammolarni ham sanab o‘tgan:

«ikki qaynim avtoparkda ishlaydi. Muammolar juda ham ko‘p. Servis, zapravka, oylik, «plan»... Konditsioner yoqqani uchun «perejog» yoziladi. Shuning uchun gaz yoki solyarkada yurganlar konditsionerni kam ishlatadi. Gapirsa gap ko‘p...»

Toshkent shahrida yaqindagina elektrobuslarni quvvatlash bilan bog‘liq muammo yuzaga chiqqan edi. Zaryadlash shoxobchalari yetishmayotgani sababli Toshkentdagi ayrim elektrobuslar reyslarga chiqa olmayotgani ma’lum qilingandi.

«Toshshahartransxizmat» AJ 58 ta shunday stansiyalar ishlayotganini ma’lum qildi. Tashkilot o‘z izohida tez kunda avtobus saroylari hududida qurilayotgan 80 ta elektr quvvatlash stansiyalari foydalanishga topshirilishi kutilayotganini ham va’da qilgan edi.