Yozgi transferlar oynasining so‘nggi kunlarida Yevropa klublari tarkiblarini kuchaytirishni davom ettirmoqda.

Chempionlar ligasining amaldagi g‘olibi Saudiya Arabistonida

Ispaniyalik himoyachi Emerik Laport «An-Nasr» bilan shartnoma imzoladi. Bu yangilik hech kimni ajablantirmadi, so‘nggi kunlar davomida uning transferi hal bo‘lgani haqida xabarlar chiqib turgandi. 29 yoshli futbolchi 24 avgust kuni yangi klubida tibbiy ko‘rikdan o‘tdi va 2026 yilga qadar amal qiluvchi shartnoma tuzdi. Avvalroq insayder Fabritsio Romano futbolchining yillik maoshi miqdori 20 mln yevroni tashkil etishi haqida yozgandi.

«Manchester Siti» esa bu futbolchisi uchun 27,5 mln yevro ishlab olgan. Laport inglizlar klubida 2018 yildan buyon to‘p tepib kelayotgandi va o‘tgan muddat ichida 15 sovrin qo‘lga kiritdi. O‘tgan mavsum yakunlariga ko‘ra, «shaharliklar» trebl qayd etdi, bir necha kun oldin esa UYeFA Superkubogida g‘olib bo‘ldi. Endi ushbu himoyachi Krishtianu Ronaldu, Sadio Mane va Marselo Brozovich kabi yulduzlar bilan Osiyodagi sovrinlar uchun kurashadi.

«Chelsi»ga yana bir iqtidorli futbolchi keldi

London klubi 18 yoshli yigitcha uchun 16 mln yevroning bahridan o‘tdi. Hujumchi Deyvid Vashington «Santos»ni tark etdi va «Chelsi» bilan yetti yillik shartnoma tuzdi, unda kelishuvni yana bir yilga uzaytirish haqida opsiya ham bor. Bu londonliklar klubining 2023 yil yozidagi to‘qqizinchi xaridiga aylandi, bungacha darvozabon Sanches («Brayton», 23 mln yevro), himoyachi Disasi («Monako», 45 mln yevro), yarimhimoyachilar Kaysedo («Brayton», 116 mln yevro), Lavia («Sauthempton», 62,1 mln yevro), Ugochukvu («Renn», 27 mln yevro), hujumchilar Nkunku («Leypsig», 60 mln yevro), Jyekson («Vilyarreal», 37 mln yevro) va Gabriel («Santos», 15 mln yevro - u «Strasburg»ga ijaraga berildi) sotib olingandi.

2022 yilda Vashington «Santos»ning yoshlar jamoasida San-Paulu shtati g‘olibi bo‘lgandi. Asosiy jamoadagi debyutini esa shu yil aprelida o‘tkazgandi. Bu muddat ichida u asosiy jamoa safida 16 o‘yinda maydonga tushib, ikki gol urgan. «Chelsi» bosh murabbiyi Maurisio Pochettino rahbariyatdan yana ikki yangi futbolchi olib berishni so‘ragan. Argentinalik mutaxassis jamoaga yana bir darvozabon va hujumchi kerak deb hisoblamoqda. Avvalroq Romano «Chelsi» MLS chempionati vakili «Nyu-Inglend Revolyushn»dan 16 mln yevroga 23 yoshli serbiyalik darvozabon Jorjye Petrovichni transfer qilayotgani haqida yozgandi.