Xullas, boylik deya atalmish narsaning yaxshi-yomon; hikmatli va hikmatsiz; foydali hamda zararli taraflari bisyor. Uning qay tomonidan bahra olish esa insonning o‘ziga, aqliy va axloqiy fazilatlariga bog‘liq.
Fransuz adibi Onore de Balzakning «Gorio ota» asari ayni shu boylik, mol-davlat va hashamatning XIX asr fransuz jamiyatida qanday rol o‘ynagani, insonlar orasida qanchalik ahamiyatga ega bo‘lgani haqida hikoya qiladi.
Syujyet:
«Gorio ota» romani 1834 yil yozilgan. O‘zbek tiliga Sulton Muhammadjonov tomonidan tarjima qilingan.
Asar qahramonlari – Gorio ota, Anastazi, Delfina , Ejyen de Rastinyak, Byanshon, Maksim de Trayer va boshqalar.
Gorio ota – sobiq tadbirkor, sarmoyador shaxs. U o‘z vaqtida badavlat shaxs bo‘lgan. Rafiqasi vafotidan so‘ng butun hayotini, bor mehr-e’tiborini ikki qizi – Anastazi va Delfinaga bag‘ishlaydi. Ularni malikalardek voyaga yetkazadi. Afsuski, qizlar bemehr chiqdi, ularga faqat otasining pullari kerak edi, xolos…
Asarning yana bir bosh qahramoni Ejyen de Rastinyak – shaharga o‘qish maqsadida kelgan, huquqshunoslik fakulteti talabasi. Oddiy oilaning farzandi bo‘lgan Ejyen shaharda yashash, obro‘ orttirishning yagona oson yo‘li – kiborlar jamiyatiga yaqinlashish deb hisoblaydi. Shu sabab o‘zining uzoq qarindoshi de Bosean xonimdan maslahat oladi va bazmlarga qatnash orqali sekin-asta kiborlar jamiyatiga kirib boradi.
Rastinyak endi Gorio otaning boy-badavlat qizlari bilan tanishadi. Vaqtlar o‘tib o‘zi tanishgan, yaqin munosabatlar o‘rnatgan bu ikki ayol ijaradoshi bo‘lmish Gorio otaning qizlari ekanini bilib qoladi. Aslida talaba yigit Gorio ota bilan Voke pansionida g‘arib holatda yashardi. Rastinyak qizlari shunchalar boy bo‘la turib otasining bunchalar xarob holatda yashashidan hayratlanadi. Bilishicha, qizlari hatto otasining borligidan orlanishardi.
Zodagonlar hayotiga oshufta bo‘lgan, ko‘zlarini hashamat ko‘rki qamashtirgan, qanday qilib bo‘lmasin boyish orzusida bo‘lgan yigitcha bu ikkala bemehr qizning harakatlarini ko‘rib afsuslanadi. Har ikki qiz ham oilali, farzandlari bor, lekin shunga qaramay, ular turli ballarga borishni, maishat qilishni, qimmatbaho taqinchoqlar taqishni, ma’shuqlari bilan qimor o‘ynashni sevadi. Ma’shuqlaridan ajralib qolmaslik uchun bor-budini berishga tayyor.
Qizlarning barcha qarzlarini sho‘rlik Gorio ota to‘laydi. O‘zi bir xaroba uyda ijarada tursa-da, qizlari uchun eng oxirgi pullarini berishga ham rozi. Muhimi, bir on bo‘lsa ham qizlarini ko‘rishni istaydi. Lekin qizlari otasidan uyaladi. Ko‘cha-ko‘yda u bilan ko‘rishishni istamaydi. Ammo boshlariga tashvish tushsa, darrov otasi yoniga chopadi.
















