“Dehqon”, “domla”, “daydi”, “palapartish”, “bozorboy”... O‘zbekistonlik tadbirkor Aleksey Manshayev o‘zi ishlab chiqarayotgan sumka, hamyonlarni mana shu nomlar bilan atagan. U o‘zbek mahsulotlarini dunyoga o‘zbekcha nomlar bilan mashhur qilishni istaydi. Qahramonimiz mardikorlikdan charm sanoatiga qanday kelib qolgani, hozirda 300 xil modelda mahsulot chiqarayotgan fabrikasining faoliyati – umuman o‘zi bilan bog‘liq qiziq voqealar haqida gapirib berdi. 

Aleksey Manshayev 1978 yilda Toshkentda tavallud topgan. U 26 yildan beri charm mahsulotidan sumka, hamyon, ayollar uchun turli aksessuarlar, qolaversa, uy uchun kerakli ashyolar, turli matolardan kiyim-kechaklar ishlab chiqarish bilan shug‘ullanadi. U chiqarayotgan barcha mahsulotlar “Kanishka” brendi ostida sotiladi. 

“Kanishka Fur” MChJ bosh direktori Manshayev salkam 30 yildan beri biznes maydonida, ammo shunga qaramay, u o‘zini tadbirkor deb bilmaydi. Asosiy faoliyatini ijod, dizaynerlik bilan bog‘laydi. 

“O‘zbek tilida birinchi bo‘lib so‘kishni, keyin qizlar bilan gaplashishni o‘rgangandim” 

Yoshligimda mardikor bozorga chiqardim. Mardikor bozorda bir bola bilan tanishdim. Menga ish taklif qildi, men u ishning nimaligini ham bilmasdim. “Shu ishni qilasan, shuncha oylik olasan”, – deb ishga chaqirdi. Xom terini tortib, mix bilan qoqar edim. Juda og‘ir ish bo‘lardi. O‘sha vaqtlarda mo‘yna, qorako‘l terilarni bichib, moda bo‘lgani uchun shubalar qilar edik, Rossiyaga jo‘natardik. Aynan o‘sha yillarda tikish, bichish, terilarni ajratishni – umuman shu sohada ishlash texnologiyasini o‘rgandim. Keyin esa ishxonamiz yopildi, to‘satdan ishsiz qolib ketdim. Shundan so‘ng hamma ishni o‘zim qaytadan boshladim, noldan emas, 3-4 ta tikuv mashina, 4 nafar xodim bor edi. Shular bilan ishimizni boshqatdan boshladik.

Ishxonamiz Sebzor-eski shaharda joylashgandi, o‘sha yerda o‘zbek tilini ham o‘rganganman. O‘zi aslida o‘zbek tilini bilmasdim, rus mahallada katta bo‘lganman, rus maktabda o‘qiganman. Ishxonaga kelgach, qarasam, hech kim rus tilini bilmaydi. O‘zbek tilida birinchi bo‘lib so‘kishni, keyin qizlar bilan gaplashishni o‘rgangandim. Keyin sekin-sekin qolgan so‘zlarni o‘rgandim. 3-4 oydan so‘ng o‘zbek tilida yaxshi gapirishni boshladim.

Faoliyatimizning boshida “oborod”larimiz uncha ham katta bo‘lmasdi, men, 2 nafar bola va 2 nafar tikuvchimiz bo‘lardi. Men o‘zim bichardim, 2 bola ishlardi, ichkarida yana tikuvchilarimiz tikishardi. Biz butun teri olmasdik, unga pulimiz bo‘lmas edi. Kichkina qismlarni, qolib ketgan “otxod”larni kilogrammlab sotib olib, o‘zim dizaynerlikka qiziqqanim uchun nimadir o‘ylab, mahsulot ishlab chiqarardik. Teridan qolgan qoldiqlarni kilogrammi 1 dollardan hisoblab chiqardim, keyin undan nimadir yasab, taxminan 100 dollarga sotardim. Miyani ishlatib, ko‘proq foydali ish qilar edim. Bizga qaysidir ma’noda arzon ham tushar edi. Masalan, mahsulotlarimiz 50 dollardan tushsa, 100 dollarga sotar edik. Faqat ko‘p mehnat ketardi. O‘zbekistonda hech kim bu ishlarni qilmasdi, baribir sifatli qilishmasdi. Men esa buni o‘ylab, yangi texnologiyalarini topib bajarardim.