Men eng ko‘p qo‘rqadigan narsa — madaniy tildagi siyosiy targ‘ibot. Bu o‘ta dahshatli qurol. Odamlarning ma’naviy-axloqiy hissiy holatiga ta’sir etuvchi tajovuzkor tashviqotdan-da halokatli kuch yo‘q.  Propaganda davlatning o‘z xalqiga qilgan yovuz jinoyatidan boshqa narsa emas. Tashviqot standartlarini qo‘llaydigan qurilmaga aylanib qolgan hukumatning yagona maqsadi — muammolarni bartaraf etishga chog‘langan odamlarni o‘z maslagidan chalg‘itishdir.

Aleksandr Sokurov, kinorejissyor, Rossiya xalq artisti.

Nega Yevropa deyishsa odamlar to‘tiqushdek faqat bir illatni gapiradi? Demokratiya, inson haq-huquqlari tushunchasi qachondan boshlab axloqsizlikka teng bo‘lib qoldi? Nima uchun yurt ozodligini, mustaqilligini asrashni  o‘ylamasdan nuqul qaysidir davlatga qaramlik haqidagi ta’kidlar, hatto orzular kuchaydi? Qachondan boshlab najotni o‘zimizdan emas, o‘zgalardan izlaydigan bo‘lib qoldik? Vatan manfaati bilan bir hovuch guruh manfaati o‘rtasidagi tafovutni nega ilg‘ay olmayapmiz? Nima uchun so‘zlashuv lug‘atimizda «o‘ttizinchi yillar»ning sovuqdan sovuq iboralari — «vatan xoini», «xalq dushmani», «xorijiy agent» kabi jumlalar yana qayta tirildi? Nega xalq zolim mustabidlarga mubtalo bo‘ladi? O‘zini qon qaqshatgan qo‘llarni sevadi?

Borgan sari miyamizdagi zanjirlarning shaqir-shuqur shovqini kuchayib borayotgandek. O‘zbekiston OAVdagi uzoq yillik qattiq senzura, zerikarli yakranglik sabab xalqimiz o‘zga davlat markaziy televideniyesining chin muxlisiga aylandi. Davlat o‘z qo‘li, o‘z ixtiyori bilan xalqini g‘oyaviy jihatdan xavfli davlat mafkurasi izniga topshirib qo‘yganini, mayda-ichki siyosiy ambitsiyalar tufayli katta siyosatda yutqazayotganini sezmay qoldi.

Naryoqdagilar suhbatlarning «sultoni» g‘iybatni shou san’atiga ko‘chirishni qoyillatardi. Bora-bora odamlarning individual istaklari, shaxsiy tanlovlari, parda orti sirlariga bandi izdihom «biz siyosatni tushunmaymiz», «kattalar nima qilayotganini o‘zi yaxshi biladi» degan dogmada qotdi qoldi. Darvoqe, u shoularda noodatiy hayot tarzi haqidagi gaplar ham sizdirilar, bahonada ustamonlik bilan G‘arb dunyosi tomon shag‘alcha otib qo‘yilardi. Bora-bora o‘sha shag‘alcha xarsang toshga, xarsang tosh esa raketayu tanklarga aylandi.

Esimda, 2015 yilda Andrey Malaxovning ko‘rsatuviga SSSR xalq artisti Malika Kalandarova endilikda qiz bola andomiga kirgan «o‘g‘li» bilan ishtirok etdi. Tojikistonlik mashhur raqqosa uzoq yillar oldin oilasi bilan Amerikaga ko‘chib ketgandi. Uning o‘g‘li hayotidagi eng ziddiyatli, qaltis qarorni o‘sha yerda qabul qiladi. Qissadan hissa shuki, tuppa-tuzuk sharqning bolasi G‘arbga borib ayniydi! Osongina chiqarilgan bunday xulosaning oldida kalandarovalar oilasining kulfati atrofida aylanayotgan gap-so‘zlar bir pul. Albatta, o‘z ishining ustasi bo‘lgan Malaxov hech qachon hukmfarmo ta’kid ohangida gapirmaydi, u kasb etikasi hadisini olgan jurnalist. Lekin tomoshabinning o‘zi  shu fikrga emaklab kelishi uchun darcha ochib qo‘yadi.