Jahon | 13:58 / 29.08.2023
6614
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiyada ikki jurnalist sirtdan 11 yillik qamoq jazosiga hukm qilindi

Conflict Intelligence Team asoschisi va jurnalist Maykl Naki «feyklar» tarqatishda aybdor deb topildi. Ularga besh yil davomida internetda materiallar joylashtirish taqiqlangan.

Foto: AP

Moskvaning Basmanniy tuman sudi Conflict Intelligence Team (CIT) asoschisi Ruslan Leviyev va jurnalist Maykl Nakini Rossiya armiyasi haqida «feyklar» tarqatish ayblovi bo‘yicha sirtdan 11 yillik qamoq jazosiga hukm qildi. Bu haqda 29 avgust, seshanba kuni «Ostorojno, novosti» va Sota Telegram-kanallari xabar berdi.

Ayblov tomoni ularning har birini umumiy rejimdagi koloniyada 13 yilga ozodlikdan mahrum etishni so‘ragan.

Hukmga ko‘ra, har ikki sudlanuvchiga ham besh yil davomida internet resurslarini boshqarish taqiqlangan. Mahkumlarni jazolash muddati ular Rossiya hududida ushlangan yoki Rossiyaga ekstraditsiya qilingan paytdan boshlab hisoblanadi.

Leviyev va Nakiga nisbatan ish YouTube portalida jurnalistlar Rossiyaning Ukrainaga qurolli harbiy harakatlari to‘qqizinchi kuni yakunlarini sarhisob qilgani va xususan, Mariupolda tinch aholining o‘limi va Zaporijjya atom elektr stansiyasidagi tahdid haqida gapirgan videosi tufayli ochilgan.

«Feyklar» tarqatilishi 

Jurnalistlar bir guruh shaxslar tomonidan Rossiya armiyasi haqida «feyklar» tarqatishda, shuningdek, siyosiy nafrat uyg‘otishda aybdor deb topildi. 

Maykl Naki mamlakatni 2021 yilning yozida, Ruslan Leviyev esa Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi boshlanganidan keyin tark etgan. Har ikkisi ham Rossiyada «chet el agentlari» deb, Conflict Intelligence Team esa - «nomaqbul tashkilot» sifatida e’lon qilingan. 2022 yil may oyida Naki va Leviyev sirtdan hibsga olingan. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid