“Yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning 78-moddasiga asosan, respublika fuqarosi hisoblangan va 18 yoshgacha bo‘lgan bolalarning madaniy meros inshootlariga, jumladan ko‘rgazmalar, tarixiy obidalar va ziyoratgohlar, shuningdek, davlat muzeylariga to‘lovsiz kirish tartibi joriy etilmoqda.

 Ushbu amaliyot:

–       obektlar ixtisosligiga mos holda tegishli o‘quv fanlari mavzulariga oid mashg‘ulotlarni tashkil etish hamda o‘quvchilar tomonidan o‘zlashtirilgan bilimlarni mustahkamlash;

–       obektlarda o‘tkaziladigan milliy bayram, qadriyat hamda buyuk siymolar hayoti va ijodiga bag‘ishlangan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, kechalarda tashrif buyuruvchilarning ishtirok etishi;

–       ko‘rgazma va ekspozitsiyalarni tomosha qilish va bu orqali yosh sayyohlarning dam olishini mazmunli tashkil etish, ularda tarixiy o‘tmishga nisbatan hurmat va ehtirom hamda an’anaviy qadriyatlarni e’zozlash his-tuyg‘usini shakllantirishga xizmat qiladi. 

Hujjatga asosan, respublika fuqarosi hisoblangan va 18 yoshgacha bo‘lgan bolalar:

–       har yilning 2–8 sentabr kunlari o‘tkaziladigan “Muzeylar haftaligi” doirasida;

–       har oyning birinchi yakshanbasi uyushtiriladigan “Ochiq eshiklar kuni” doirasida;

–      hamda haftaning har seshanba va juma kunlari

madaniyat muassasalariga bepul kiritiladi. 

Bunda tashrif buyuruvchi 18 yoshgacha bo‘lgan bolalar tegishli obektlar kassasiga tavallud sanalarini tasdiqlovchi pasport yoki ID-kartalarini taqdim etishlari lozim.

18 yoshgacha bo‘lgan yosh san’at ixlosmandlari madaniyat o‘choqlariga guruh bo‘lib yoki yakka tartibda tashrif buyurishlari mumkin. 

Shuningdek, tashrif buyuruvchilar guruhining obektlarga bepul kiritilishi tegishli ta’lim va tarbiya muassasasi yoki ularni guruhlarga jamlagan tashkilot rahbariyati hamda obektlar hamkorligida ishlab chiqilgan reja-jadval asosida ham amalga oshiriladi. Bunda ta’lim yoki tarbiya muassasasi yoki ularni guruhlarga to‘plagan tashkilot rahbariyati oldindan obektlarga tashrif buyuruvchilarning tarkibi, bolalar guruhlariga hamrohlik qiluvchi mas’ul shaxs to‘g‘risidagi ma’lumotlarni obektlar ma’muriyatiga kamida 3 kun oldin yozma ravishda taqdim etishi talab etiladi. Yosh sayohatchilar guruhlariga hamrohlik qiluvchi ikki nafargacha mas’ul shaxsga obektlarga bepul kirishiga ruxsat beriladi.