Ozarboyjon O‘zbekistonning Turkiyaga, Turkiya orqali Yaqin Sharq va Yevropaga bog‘lanish imkoniyatini ochadi. Dunyo dengizlari AQSh va uning ittifoqchilari tomonidan ko‘proq nazorat qilinar ekan, rasmiy Pekin quruqlik orqali dunyo bozoriga chiqish yo‘llarini izlaydi. Pekinning “Bir makon, bir yo‘l” loyihasining asosiy maqsadi – AQShdan mustaqil infrastruktura yaratish va Yevropa hamda Osiyoga bog‘liqlikni kuchaytirishdir. Ana shunday ulkan masshtabdagi manfaatlar kesishuvida O‘zbekistonning ham bo‘lishi hamda uning mamlakat uchun foydasi haqida Geosiyosatning bugungi sonida suhbatlashamiz.
Mavzuni tahlil qilish uchun studiyamizga siyosatshunoslar Kamoliddin Rabbimov va Farhod Karimovlarni taklif etganmiz.
— O‘zbekiston-Ozarboyjon munosabatlarining bugungi darajasi qanday? O‘zbekiston va Ozarboyjonning Oliy davlatlararo kengashini tashkil etish to‘g‘risidagi shartnomaning imzolangani nimani anglatadi?
Farhod Karimov: — O‘zbekiston va Ozarboyjon o‘rtasidagi munosabatlar tarixan shakllangan. Sobiq ittifoq davrida ham bitta davlat tarkibida edi. Turkiy davlatlar bo‘lganimiz uchun ham munosabatlar iliq bo‘lgan doim. Mustaqillik boshida ham bu ikki davlat o‘rtasida yaxshi munosabatlar o‘rnatilgan. Garchi 1995 yilda diplomatik aloqalar o‘rnatilgan bo‘lsa-da, hamkorlik tez rivojlangan. 1996 yilda O‘zbekistonda Ozarboyjon elchixonasi ochilgan bo‘lsa, 1998 yilda bizning elchixona ochilgan. Birinchi prezidentimiz Islom Karimov 1996 yilda Ozarboyjonga tashrif buyurgan. Shundan keyin bunday oliy darajadagi tashriflar bir qancha bo‘lgan ikki davlat o‘rtasida.
O‘zaro savdo munosabatlar yaxshi yo‘lga qo‘yilgan. Asosan qishloq xo‘jaligida hamkorlik kuchli. Oxirgi 2-3 yildagi faol tashqi siyosatimizning bir vektori sifatida Ozarboyjon ham bor. Ozarboyjon orqali o‘rta savdo koridori o‘tgan bo‘lib, Turkiya va Yevropaga chiqish uchun juda qulay. Biz Ozarboyjon bilan bir-birimizni yuridik nuqtai nazardan ham yaxshi tushunamiz, chunki ittifoq davrida 70 yildan oshiq bir xil baza shakllangan bizda. Hozirgi kundagi qonunchilik ham keskin farq qilmaydi. Infratuzilmalarimiz ham bir paytda o‘sgani uchun to‘g‘ri keladi. Ayniqsa oxirgi 1 yil ichida ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlar yuqori bosqichga chiqdi.
— Ikki davlatning munosabatlari o‘zaro qanday manfaatlarga ega?
Kamoliddin Rabbimov: — O‘zaro manfaatlar juda ko‘p. Lekin boshqa tomonni ham gapirib o‘tmoqchiman. O‘zbekiston va Ozarboyjon munosabatlari boshqa davlatlar munosabatlarigayam ta’sir qilgan. Qorabog‘ hududi Armaniston tomonidan bosib olingani uchun O‘zbekistonning birinchi ma’muriyati davridayoq Armaniston bilan munosabatlar pasaygan edi. Ya’ni biz 90 yillar va 2000 yillarda turkiy davlatlar bilan munosabatlarimiz o‘tish davrida edi, masalan, Turkiya bilan, qo‘shni respublikalar bilan har xil munosabatda bo‘ldik. Lekin o‘sha davrlarda ham Ozarboyjon bilan aloqalarimiz yaxshi edi. Bugungi kunda O‘zbekiston va Ozarboyjon munosabatlari ikkinchi dinamik davrni boshdan kechiryapti. O‘zbekistonda hokimiyat almashgach, 2-3 yil «pauza» davri bo‘ldi.













