Bu yilgi o‘quv mavsumida poytaxtga yanada ko‘proq talabalar kelishi kutilmoqda. Shundog‘am tirbandliklarni “boshidan o‘tkazib turgan” Toshkent ko‘chalarida jamoat transportining muammolari hanuzgacha saqlanib qolmoqda. Mas’ul idoralarning sansolarligi yaqin muddatga belgilangan chora-tadbirlar ijrosini ortga surmoqda. 

Yangi o‘quv yili boshlanishiga oz qoldi

4 sentabrdan respublikadagi barcha ta’lim muassasalari: bog‘cha, maktab, oliygohlar uchun dars jarayonlari boshlanadi. Yangi o‘quv yilida  poytaxtga avvalgidan ham ko‘proq talabalar kelishi kutilmoqda.

2022 yilning may oyidagi ma’lumotlarga ko‘ra, Toshkentda jami 63 ta OTM mavjud bo‘lib, unda tahsil oluvchilar soni 254 ming 881 nafarni tashkil qilgan. Asosiy yashash joyi shaharda bo‘lgan talabalar esa 81 ming 666 nafar bo‘lgan. Shundan kelib chiqsak, o‘tgan yilning o‘zida boshkentga boshqa hududlardan kelib o‘qiydiganlar 173 mingdan ziyodni tashkil etgan. Bu yil ham katta ehtimol bilan mazkur raqamlar bundan kam bo‘lmasligi aniq.

Qolaversa, Toshkent maktablarida joriy yilda 470 ming nafar o‘quvchi tahsil olishi kutilyapti. Xo‘sh, jamoat transporti bunday katta yuklamaga qanchalik tayyor?

Tartibsizlik darslardan oldin boshlandi

Hali sentabr oyi kelmadi, ammo talabalar uchun allaqachon “syurpriz”lar tayyor bo‘lib turibdi. “Toshshahartransxizmat” bergan ma’lumotlarga ko‘ra, poytaxtdagi jami harakat tarkiblari soni 1 ming 900 tadan oshgan. Shulardan 1 ming 20 tasi siqilgan tabiiy gaz (metan)da, 322 tasi elektrda, 617 tasi esa dizel yoqilg‘isida ishlaydi.

Kun.uz’ning manbasiga ko‘ra, “zapravka” muammolari sabab Toshkent jamoat transportining 60 foizigina yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatmoqda, qolgan 40 foizi yo‘nalishlarga chiqa olmayapti. 

Elektrobuslarni quvvatlash bilan bog‘liq muammo

Haydovchilar elektrobuslar yetarlicha quvvatlanmayotgani sababli avtobuslarning grafigi o‘zgargani, yo‘nalishlarga chiqa olmayotganini aytishmoqda. Videomurojaatning to‘liq shakli Kun.uz tahririyatiga ham kelib tushdi. Aytilishicha, murojaat qiluvchilar “2-Avtobus saroyi” filialiga tegishli elektrobus haydovchilari bo‘lgan.