Rabotine sharqidagi mudofaa chizig‘i yorib o‘tilgan, ukrain bo‘linmalari bir necha kilometr janubi-sharqda joylashgan Novoprokopivka qishlog‘i atrofiga yetib kelgan.
Ammo Ukraina qurolli kuchlarining ilgarilashiga Orixivdan Rabotinegacha bo‘lgan yo‘llar qanotlardan Rossiya artilleriyasi tomonidan o‘qqa tutilayotgani xalal bermoqda. Bu qo‘shimcha kuchlar va o‘q-dorilarni olib kelishni, shuningdek, yaradorlarni evakuatsiya qilishni qiyinlashtirmoqda. Qanotlarni xavfsiz qilish uchun Ukraina qurolli kuchlari Rabotinedan sharq va g‘arbdagi — Verbove va Kopani qishloqlarini ham ozod etishga harakat qilmoqda. 30 avgust kuni ukrain bo‘linmalari Verbove qishlog‘i chekkalariga chiqishdi.
Rossiya qo‘mondonligi mudofaa chizig‘i yorib o‘tilishi xavfini anglab turibdi: Rabotine atrofiga RF qurolli kuchlarining yirik zaxiralarini yuborish boshlangan. Janubiy guruhning katta qismi allaqachon janglarga tashlangan va endi boshqa yo‘nalishlardagi qo‘shinlarning ham bir qismi olib kelinishini kutish mumkin.

Rabotine va Verbove
- Ukraina qurolli kuchlari o‘tgan hafta ozod etgan Rabotine hamda hozircha RF QK nazorati ostida qolgan Verbove qishlog‘i o‘rtasida katta ehtimol bilan Rossiya mudofaasida yoriq paydo bo‘lgan, bu yoriqni yopish uchun ajratilgan kuchlar esa yetarli emas. Rossiyaning asosiy mudofaa chizig‘idagi nisbatan eng kuchsiz istehkomlar ham aynan shu yerda joylashgan. Bularning bari birgalikda RF QK uchun krizis keltirib chiqardi.
- Ukrainalik harbiylarni 29 va 30 avgust kunlari Verbove chekkalarida va Novoprokopivka sharqdagi tepaliklarda ko‘rishgan. Novoprokopivka egallanishi ularga Tokmak sari yo‘l ochadi, ammo raqib mudofaa chizig‘ini yorib o‘tish qiyin bo‘ladi: buning uchun Ukraina QK avval Verbove tomondagi qanotdan keladigan xavfni bartaraf etishi kerak.
- Kelgusi haftalarda Rabotine — Verbove — Novoprokopivka uchburchagi butun yozgi kampaniya taqdirini hal qilishi mumkin. Ukraina qurolli kuchlari iyul oyi oxiri va avgust oyi boshida bir necha yangi brigadalarni jangga tashlagani tufayli hozircha ustunlik va tashabbusga egalik qilmoqda. Ammo ukrain qo‘mondonligining muammosi shundaki, u allaqachon o‘zida mavjud bo‘lgan deyarli barcha zaxiralarni ishga solib bo‘ldi, RF QK esa asosiy yo‘nalishga o‘zining yangi kuchlarini tashlashni endigina boshlagan.
- Rabotine va Verbove hududlarida so‘nggi haftalarda RF QK Janubiy guruhi zaxira kuchlari paydo bo‘lgan: 7-desant-shturm diviziyasi desant polki va 503-motoo‘qchilar polki, ular iyun — iyul oylarida Ukraina qurolli kuchlarining Rabotinedan 30 kilometr g‘arbdagi Pyatixatki hududiga hujumlarini qaytarishda qatnashgandi. Bu hududda Rossiya qo‘shinlari vaziyatni barqarorlashtirishga erishgan, bu esa qo‘shinning bir qismini Orixiy yo‘nalishiga o‘tkazishga imkon bergan.


















