HRW: Saudiya Arabistonida 54 yoshli o‘qituvchi tvitlari uchun o‘limga hukm qilindi
Saudiya Arabistonida o‘qituvchi va quvg‘indagi faolning ukasi faqat Twitter va YouTube’da faol bo‘lgani uchun o‘limga hukm qilindi. HRW muxolifatchilar uchun bosim kuchayganini bildirdi.
Saudiya Arabistonida 54 yoshli pensiyadagi o‘qituvchi Muhammad al-G‘amdiy ijtimoiy tarmoqdagi postlari uchun o‘limga hukm qilindi. 29 avgust, seshanba kuni Human Righs Watch inson huquqlari tashkiloti xabariga ko‘ra, sud al- G‘amdiyni faqat Twitter va YouTube’dagi pozitsiyasiga asoslanib, hukumatga qarshi til biriktirish va davlat institutlariga putur yetkazishda aybdor deb topdi.
Uning ma’lumotlariga ko‘ra, Saudiya Arabistonining jinoyat ishlari bo‘yicha ixtisoslashtirilgan sudi 10 iyul kuni qaror qabul qilgan. Sudlanuvchining aybiga dalil sifatida uning tvitlari, retvitlari, shuningdek, YouTube’dagi faolligiga e’tibor qaratildi. Sudga ko‘ra, al-G‘amdiy «qirol va valiahd shahzodani din va qonunlarga putur yetkazuvchi shaklda ta’riflash», terrorchilik tashkiloti bilan aloqadorlik va «terrorchilik jinoyatini sodir etish niyatida» feyklarni chop etishda aybdor hisoblanadi.
HRW muxolifatga qarshi tazyiq kuchayganini ma’lum qildi
Human Righs Watch podshohlikni hukmni bekor qilishga chaqirdi, u «so‘z erkinligi va tinch siyosiy norozilikka qarshi bosim kuchayib borayotganini» aks ettiradi. «Saudiya Arabistonidagi tazyiqlar yangi bosqichga yetdi, bunda sud tvitlarning o‘zi uchun o‘limga jazosiga hukm qilyapti», — dedi HRW’ning Saudiya Arabistoni bo‘yicha eksperti Joi Shi. U mamlakat rasmiylarini «bu adolat parodiyasini rad etishga» chaqirdi.
Muhammad al-G‘amdiy 2022 yilning iyun oyida Makkadagi uyi yaqinida qo‘lga olingan va Jidda shimolidagi al-Dahbon qamoqxonasiga joylashtirilgan, u yerda to‘rt oy davomida bir kishilik kamerada saqlangan hamda advokat va qarindoshlari bilan uchrashtirilmagan. Keyinroq u Ar-Riyoddagi al-Xayr qamoqxonasiga ko‘chirilgan.
Muhojirlikdagi muxolifatchining ukasi
Muhammad al-G‘amdiy o‘zini siyosiy faol yoki inson huquqlari faoli deb hisoblamaydi, biroq Saudiya hukumati haqida ma’lum bir xavotir bildiruvchi shaxs sifatida ta’riflaydi, deya xabar beradi HRW bu masaladan xabardor odamlarga tayanib. Mahkum Saudiya Arabistoni hukumatini tanqid qilgan taniqli islomshunos olim, Buyuk Britaniyada quvg‘inda yashayotgan Said bin Nosir al-G‘amdiyning ukasidir. Uning so‘zlariga ko‘ra, o‘lim hukmi rasmiylarning mamlakatga qaytarishga bo‘lgan muvaffaqiyatsiz urinishlaridan so‘ng shaxsan undan qasos olish maqsadida chiqarilgan.
Human Righs Watch tashkilotiga ko‘ra, Saudiya hukumati so‘nggi yillarda xorijdagi tanqidchilar va dissidentlarning oilalariga qarshi ko‘proq chora ko‘rmoqda va ularni qaytishga majburlamoqda. Al-G‘amdiyga chiqarilgan hukm ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilariga qarshi ochilgan qator ishlarning eng qattig‘i hisoblanadi.
Amnesty International inson huquqlari tashkilotiga ko‘ra, Saudiya Arabistoni eng ko‘p o‘lim jazosi chiqarilgan davlatlardan biridir.
Mavzuga oid
08:10 / 12.11.2024
O‘zbekistonga Saudiya kompaniyalarining qariyb 2,5 mlrd dollarlik investitsiyalari jalb etiladi
19:01 / 11.11.2024
O‘zbekiston va Saudiya bosh prokurorlari tergov va axborot almashinuvida hamkorlik bo‘yicha kelishuv imzoladi
09:25 / 11.11.2024
Shavkat Mirziyoyev Saudiya Arabistoniga jo‘nab ketdi
18:01 / 10.11.2024