Jahon | 08:34 / 01.09.2023
10369
4 daqiqa o‘qiladi

Lukashenko «Vagner» jangchilarini chiqarib yuborishdan bosh tortdi

Belarus rahbari Polsha, Litva, Latviya va Estoniya Ichki ishlar vazirligi rahbarlarining «vagnerchilarni» o‘z mamlakatidan olib chiqib ketish haqidagi chaqirig‘ini asossiz deb atadi. To‘rt davlat vazirlari Minskka chegarani butunlay yopish bilan tahdid qildi. 

Foto: RIA Novosti

Belarus rahbari Aleksandr Lukashenko Rossiyaning «Vagner» XHK jangchilarini o‘z mamlakatidan chiqarib yuborishdan bosh tortdi. U Polsha va Boltiqbo‘yi davlatlarining tegishli murojaatlarini «asossiz va ahmoqona» deb atadi. Bundan tashqari, Belarus Xavfsizlik kengashining 31 avgust, payshanba kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishida Lukashenko qo‘shni Yevropa Ittifoqi davlatlarini mudofaa budjetlarini oshirishda va «yirik harbiy tuzilmalar»ni Belarus bilan chegaraga tortishda aybladi

«Javob oddiy: Polshada ham, Litvada ham, boshqa Boltiqbo‘yi davlatlarida ham bitta xorijlik harbiy xizmatchi bo‘lmasligi kerak. Shunda bizga ham bu yerda boshqa davlatlar harbiylari borligi haqida gapirish mumkin bo‘ladi», - deya Lukashenkoning so‘zlarini keltiradi BelTA. 

Polsha va Boltiqbo‘yi davlatlari Lukashenkoni «vagnerchilar»ni mamlakatdan chiqarib yuborishga chaqirdi

Polsha, Litva, Latviya va Estoniya ichki ishlar vazirlari 28 avgust kuni Varshavada bo‘lib o‘tgan uchrashuv yakunlari bo‘yicha qo‘shma bayonotda Minsk hukumatini u yerda joylashgan rossiyalik yollanma askarlarni Belarusdan zudlik bilan olib chiqishga, shuningdek, noqonuniy muhojirlarni o‘zlarining kelib chiqish mamlakatlari bilan chegaradosh hududlarga yuborishga chaqirdi. Ular chegarada qurol qo‘llash bilan bog‘liq voqea sodir bo‘lsa yoki muhojirlar ko‘p miqdorda kelsa, Belarus bilan chegaradagi barcha nazorat-o‘tkazish punktlari yopilishi haqida ogohlantirgan. 

Shu kuni Belarus muxolifati yetakchilaridan biri Pavel Latushko o‘z manbalariga tayanib, Belarusdagi «Vagner» jangchilariga yangi pasportlar berilganini ma’lum qildi. Taxminan bir oy davomida ism va familiyalar o‘zgartirilgan hujjatlar «vagnerchilar»ga berilgan, dedi u Polshaning PAP agentligiga intervyuda. Latushkoning so‘zlariga ko‘ra, bu amaliyot qo‘poruvchilik va teraktlar tayyorlash bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. Uning so‘zlariga ko‘ra, Belarusda bir necha ming XHK jangchilari qolmoqda, Aleksandr Lukashenko esa ularning ko‘p sonini qo‘llab-quvvatlash uchun yetarli moliyaviy resurslarga ega emas. Shu bois, ularning bir qismi Afrikaga ketadi, boshqalari Rossiya Mudofaa vazirligi bilan shartnoma tuzadi, qolganlari esa yo bo‘shab ketadi yoki Belarusda qoladi, dedi Latushko. 

Xususiy harbiy kompaniya asoschisi Yevgeniy Prigojinning muvaffaqiyatsiz isyonidan so‘ng Belarusga ko‘p sonli «Vagner» jangchilari kelgani haqidagi xabarlar munosabati bilan Yevropa Ittifoqining Belarus bilan chegaradosh davlatlari umumiy chegara o‘tish joylarini yopmoqda va chegara hududlaridagi qo‘shinlar guruhlarini mustahkamlamoqda. Xususan, Litva avgust oyida oltita nazorat punktidan ikkitasini yopdi. Prigojinning 23 avgust kuni Tver viloyati uzra samolyotining qulashi paytida halok bo‘lishi Polsha va Boltiqbo‘yi davlatlarining rejalariga ta’sir qilmaydi, dedi Polsha bosh vaziri Mateush Moravetskiy. 

Mavzuga oid