O‘zbekiston | 15:04 / 01.09.2023
75962
2 daqiqa o‘qiladi

Surxondaryoda maktab direktoriga shikast yetkazgan shaxs qamoqqa olindi

Umida Tursunovaga himoya orderi berildi.

Foto: Surxondaryo viloyati hokimligi axborot xizmati

Surxondaryo viloyatida zo‘ravonlikka uchragan maktab direktori Umida Tursunovaga himoya orderi berildi, unga hujum qilgan shaxs qamoqqa olingan. Bu haqda viloyat hokimligi xabar qilmoqda.

Bugun, 1 sentabr kuni viloyat IIB tomonidan Umida Tursunovaga himoya orderi berilgan va uning davolanishi hamda sog‘ligini tiklashi uchun zarur sharoitlarni yaratish maqsadida Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Surxondaryo filialiga yotqizilgan.

Unga tan jarohati yetkazgan shaxsga nisbatan qamoqqa olish tartibidagi ehtiyot chorasi qo‘llangan. Hozirda tergov harakatlari davom etmoqda.

31 avgust kuni Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov bilan mojarodan so‘ng omma e’tiboriga tushgan Sariosiyo tumanidagi 28-maktab direktori Umida Tursunova maktab hududida ayovsiz kaltaklangani haqida xabar berilgandi. Maktabda ishlaydigan o‘qituvchilardan birining dars soatlari kamaytirilgani sabab uning turmush o‘rtog‘i unga hujum qilgan.

Surxondaryo viloyati hokimi bemor holidan xabar olish uchun shifoxonaga borgan. Hokim uning to‘laqonli davolanishini o‘z nazoratiga olgan.

Shuningdek, hokim maktab direktoriga nisbatan zo‘ravonlik qilgan shaxsning qonunga muvofiq javobgarlikka tortilishi ta’minlanishini o‘z nazoratiga olgani ma’lum qilingandi.

Mavzuga oid