Jahon | 08:04 / 02.09.2023
5370
2 daqiqa o‘qiladi

Germaniyada ukrainalik bolaga suiqasd ishi bo‘yicha tergov boshlandi

Noma’lum shaxs 10 yoshli bolani ko‘prikdan kanalga uloqtirib yuborgan. Bundan oldin u bir guruh ukrainalik bolalarga rus tilida gaplashish kerakligini aytgan. Prokurorlar qotillikka urinish bo‘yicha tergov boshlandi.

Foto: AP

Gyottingen prokuraturasi 26 avgust kuni Aynbek shahrida (Quyi Saksoniya federal yeri) 10 yoshli ukrainalik bolaga nisbatan sodir etilgan suiqasd ishi bo‘yicha tergov harakatlarini boshladi. Bu haqdagi xabar idora saytida 1 sentabr, juma kuni e’lon qilindi

Prokuratura ma’lumotlariga ko‘ra, o‘sha kuni soat 18:40 lar atrofida Aynbekdagi ko‘prik yaqinida noma’lum shaxs ukrainalik bolalar guruhiga yaqinlashgan. Notanish erkakka bolalarning ukraincha gapirishi yoqmagan va u rus tilida gaplashish kerakligini aytgan. Shu bilan birga, u Ukraina go‘yoki urush boshlaganini qo‘shimcha qilgan. Shundan so‘ng erkak avval qizning sochlarini tortgan, keyin esa 10 yoshli bolani ushlab ko‘prik panjarasidan oshib, kanalga uloqtirgan. 

Xabar qilinishicha, bola boshi va oyog‘i bilan ko‘prikka mahkamlangan temir to‘sinlarga tushgan. Bola kanalda yotganida hujumchi unga shisha butilkani ham uloqtirgan va u jabrlanuvchining o‘ng yelkasiga tekkan. Shundan so‘ng erkak voqea joyidan yashiringan. 

Bolaga shifoxonada tibbiy yordam ko‘rsatilib, uyiga jo‘natilgan. Ukrainalik bolalarga hujum qilgan erkak qidiruvga berilgan. Prokuratura uning belgilari haqida xabar tarqatgan: yoshi taxminan 40-45 da, ko‘k futbolka, qora kepka va jinsi shorti kiygan. 

Tyuringiyada ukrainalik bola yong‘inda halok bo‘ldi 

4 iyun kuni Tyuringiya federal yerining Apolda shahridagi qochqinlar yotoqxonasida yuz bergan yong‘in natijasida ukrainalik 9 yoshli bola halok bo‘lgani aniqlandi. Yana 10 kishi jarohat olib, shifoxonaga yetkazilgan. Fojia sabablarini aniqlash bo‘yicha tergov harakatlari olib borilmoqda. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid