Jahon | 12:43 / 04.09.2023
10994
3 daqiqa o‘qiladi

JAR: Rossiyaga qurol yetkazib berilganiga oid dalillar topilmadi

JAR prezidenti AQSh elchisining ayblovlaridan so‘ng olib borilgan tergov yakunlanganini e’lon qildi. Rossiyaga qurol eksport qilish belgilari topilmadi, dedi Ramaposa.

Foto: Reuters

JARda Rossiyaga qurol-yarog‘ yetkazib berilganiga oid ehtimoliy dalillar topilmadi. Tergov komissiyasi 2022 yil dekabr oyida ushbu mamlakatda Rossiya kemasiga qurol yoki o‘q-dorilar ortilgani bo‘yicha ma’lumot yuzasidan hech qanday dalil topmadi. Avvalroq AQSh elchisi Ruben Brijiti kemaga qurol ortilgani haqida ma’lum qilgandi. Bu haqda JAR prezidenti Kiril Ramaposa 3 sentabr, yakshanba kuni kechqurun xabar berdi

«Qurol eksporti uchun litsenziya berilmagan, qurol eksport qilinmagan», - deya ta’kidladi u. Shu tariqa, ayblovlar tasdiqlanmadi va ular haqida ma’lum qilganlar o‘z da’volarini asoslab bera olmadi, dedi Janubiy Afrika Respublikasi rahbari xalqqa murojaat qilib. Uning so‘zlariga ko‘ra, hukumat komissiyaning qisqacha xulosalarini yaqin vaqt ichida e’lon qiladi. To‘liq hisobot «harbiy xarakterdagi maxfiy ma’lumotlar»ni o‘z ichiga olganligi sababli oshkor etilmaydi.

AQShning JARdagi elchisi bu davlatni Rossiyaga qurol yetkazib berishda aybladi

May oyida AQShning Pretoriyadagi elchisi Ruben Brijyeti JAR hukumatini Rossiyaga qurol va o‘q-dorilar yetkazib berishda ayblagan edi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu qurollar Rossiyaga dekabr oyi boshida Keyptaun yaqinidagi Saonestaun dengiz portiga bog‘lab qo‘yilgan Rossiyaning sanksiya ostidagi «Ledi R» («Lady R ») yuk kemasida yetkazilgan. Dpa agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, elchi bu haqiqat ekaniga to‘liq ishongan va hatto bu rost axborot deb qasam ichgan.

Vashington voqea yuzasidan xavotir bildirdi. «Qo‘shma Shtatlar o‘tgan dekabr oyida Rossiyaning sanksiya ostidagi yuk kemasi JARdagi harbiy portga kirganidan jiddiy xavotirda», — deya ma’lum qildi Davlat departamenti matbuot kotibi o‘rinbosari Vedant Patel. Germaniya tashqi ishlar vaziri Annalena Berbok bu xabarlarni «bezovta qiluvchi» deb atadi. Rossiyaga qurol yetkazib beruvchilar Ukrainadagi harbiy harakatlarni uzaytirmoqda, dedi u. Janubiy Afrika Respublikasi prezidenti rasmiylar voqea yuzasidan tergov olib borayotgani to‘g‘risida ma’lum qilgan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid