Jahon | 08:50 / 04.09.2023
14145
3 daqiqa o‘qiladi

Ukrainada hibsga olingan oligarx Kolomoyskiy garov pulini to‘lashdan bosh tortdi

Igor Kolomoyskiyning advokati so‘zlariga ko‘ra, tadbirkor qamoqdan chiqish uchun 510 million grivnaga yaqin garov to‘lamaydi. Sud qarori ustidan shikoyat qilinadi.

Foto: Telegram / stranaua

Ikki oyga hibsga olingan ukrainalik tadbirkor Igor Kolomoyskiy garov pulini to‘lamaydi, himoya tomoni sud qarori ustidan shikoyat tayyorlamoqda. Bu haqda uning advokati 2 sentabr kuni ma’lum qildi. 

«Apellyatsiya shikoyati beramiz, sud qarorining to‘liq matnini kutyapmiz, garov puli to‘lanmaydi», dedi Kolomoyskiyning himoyachisi tadbirkorga nisbatan ehtiyot chorasini tanlash bo‘yicha sud majlisidan so‘ng. Advokatning jurnalistlar bilan suhbati aks etgan videoyozuv «Ukrinform» agentligi tomonidan chop etilgan. 

Kiyevning Shevchenko tuman sudi Kolomoyskiyni taxminan 510 million grivna (deyarli 13 million yevro) garov puli evaziga ozodlikka chiqarish imkoniyati bilan 31 oktyabrgacha hibsga oldi. Sud majlisi tadbirkor advokatining iltimosiga ko‘ra yopiq eshiklar ortida o‘tkazildi. Shu bilan birga, ehtiyot chorasi to‘g‘risidagi qaror omma oldida o‘qib eshittirildi. 

Oligarx firibgarlikda gumon qilinmoqda 

Avvalroq Ukraina Xavfsizlik xizmati («SBU») tadbirkorga firibgarlik va jinoiy yo‘l bilan qo‘lga kiritilgan mulkni qonuniylashtirish faktlari bo‘yicha gumon e’lon qilgan edi. Idora shuningdek, ukrainalik oligarx huzuriga kelgan xavfsizlik xodimlari bilan suratlarni ham chop etdi. 

Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, 2013 yildan 2020 yilgacha Kolomoyskiy yarim milliard grivnadan ortiq mablag‘ni «o‘z nazorati ostidagi bank muassasalari infratuzilmasidan foydalangan holda xorijga o‘tkazish yo‘li bilan» qonuniylashtirgan. Ukraina Bosh prokuraturasi gumonlanuvchining ismini keltirmagan holda, gap 570 million grivnadan (14 million yevrodan ortiq) ortiq summa haqida ketayotganiga aniqlik kiritdi. 

Kolomoyskiy tomonidan sodir etilgani taxmin qilinayotgan ishlar

Iqtisodiy xavfsizlik byurosi xodimlari 1 fevral kuni Kolomoyskiyning uyida tintuv o‘tkazdi. Shundan so‘ng Ukraina ommaviy axborot vositalari bunga «Ukrnafta» va «Ukrtatnafta» kompaniyalari atrofidagi firibgarliklarni tekshirish sabab bo‘lganini xabar qildi. Gap 40 milliard grivna (deyarli bir milliard yevro) qiymatidagi neft mahsulotlarini isrof qilish va bojxona to‘lovlarini to‘lashdan bo‘yin tovlash haqida borgan. Tadbirkor 2022 yil sentabrida «Ukrnafta» ishi bo‘yicha ham tintuv qilingan edi.

Igor Kolomoyskiy ikkala kompaniyaning ham egasi edi, ammo 2022 yil noyabr oyida ular milliylashtirildi. Milliylashtirishdan keyin Kolomoyskiy dollardagi milliarderlar ro‘yxatidan chiqib ketdi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid