2001 yil boshlarida O‘zbekistonda «Zakovat» intellektual teleo‘yinlari efirga uzatilib boshlarkan, undagi ilk ishtirokchi jamoa – Habibullo Rajabov jamoasi qisqa vaqt ichida xalq mehrini qozonishga ulgurgan edi. Ammo ko‘p o‘tmay jamoa negadir loyihadagi ishtirokini to‘xtatdi. Bu haqda tomoshabinlarga na jamoa a’zolari va na teleo‘yin tashkilotchilaridan biror aniq tushuntirish berilmadi.

Kun.uz muxbiri “Zakovat” muxlislarining eng sevimli jamoalaridan biri bo‘lgan ushbu jamoa a’zolarini 20 yildan ortiqroq vaqt o‘tib intervyu stoli atrofida to‘pladi.

— Qarang, oradan 20 yildan ko‘proq vaqt o‘tibdi. Xo‘sh, bugun kim qayerda, nima bilan mashg‘ul?

Habibullo Rajabov:

— O‘sha 20 yil oldingi voqealar biz uchun ham juda bir hayajonli bo‘lgan. Intellektual o‘yinlar, ko‘rsatuvlar endigina efirga chiqa boshlagan paytda bu o‘yin ham o‘ziga yarasha muxlislarini topgan edi. Va o‘sha o‘yinning bir qismi bo‘lganimizdan faxrlanamiz.

Hozir ham intellektual jarayonlardan uzoqda emasmiz. Ko‘rsatuvlarda qatnashmasak-da, birligimiz saqlanib qolgan, doimiy yig‘ilishlar, suhbat-munozaralar bo‘ladi. Buning sababi deyarli barchamiz hozir ham ta’lim tizimida ishlaymiz. U davrlar biz uchun ham qiziq davrlar edi, o‘qish, izlanish, kitob axtarishlar o‘sha davrdan shakllanib qolgan bizda. Yig‘ilishlarimizda ham shu yangi ma’lumotlar, qanday yangiliklar bo‘layotganini bo‘lishamiz. «Zakovat»da topganlarimizning eng muhimi shu qadrdonlar davrasi, do‘stlik.

O‘zim hozir Toshkent davlat transport universitetida dotsentman. Siyosiy fanlar bo‘yicha falsafa doktoriman va talabalarga ham shu yo‘nalishda dars berib kelyapman.

Dilshod Sa’dullayev:

— Ayni vaqtda o‘zim o‘qigan maktabda matematika fanidan dars beryapman. Orada universitetni tugatgach, 15 yil davomida oliy ta’lim tizimida ishladim. O‘zbekiston Milliy universiteti, Iqtisodiyot universitetlarida oliy matematika va ehtimollar nazariyasi bo‘yicha dars berdim. Yaqin 5 yildan beri esa shu xalq ta’limidaman.

Sobirjon Qodirov:

— «Zakovat»dan keyin ancha joylarda bo‘ldim. O‘qishni bitirgach, harbiy xizmatda bo‘ldim, so‘ng xususiy bir sohalarda ishladim. «O‘zgidromet»da ham ishladim, orada Germaniyada o‘qib keldim. Hozir Milliy tadqiqot universitetida dars beraman, shu orada ham Ispaniya va Italiyada o‘qidim. Umuman, asosiy faoliyatim universitetda bo‘lyapti hozir.