Xalqaro konferensiya ishtirokchilariga O‘zbekistonning oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish salohiyati namoyish etildi
Samarqandda 7–8 sentabr kunlari oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashga doir xalqaro konferensiya o‘tkazilmoqda. Yalpi majlis, seksiyalarga bo‘linib ishlashdan tashqari, konferensiya mehmonlari «O‘zbekiston agrooziq-ovqat salohiyati» ko‘rgazmasini ham tomosha qilishdi.
Konferensiyaning ochilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi bosh vaziri Abdulla Aripov O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning konferensiya ishtirokchilariga murojaatini o‘qib eshittirdi. BMTning oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti — FAO direktori Chu Dungyu ham konferensiyada chiqish qildi.
O‘zbekiston Respublikasi hukumati va FAO’ning texnik ko‘magi bilan tashkillashtirilgan konferensiya doirasida ocharchilikka, oziq-ovqat xavfsizligi yo‘qligi va to‘yib ovqatlanmaslikka qarshi kurashishga ko‘maklashish, qishloq xo‘jaligi, o‘rmon xo‘jaligi va baliq xo‘jaligi mahsuldorligi va barqarorligini oshirish, Qishloq joylarda qashshoqlik darajasini qisqartirish, agrooziq-ovqat tizimlarining inklyuzivligi va samaradorligini ta’minlash hamda krizislar va tahdidlarga qaramasdan yashab qolish uchun vositalarni kuchaytirish kabi FAO strategiyasiga amal qilgan holda munozaralar bo‘lib o‘tmoqda.
Oziq-ovqat xavfsizligiga tahdid soluvchi COVID-19 pandemiyasi va Rossiya-Ukraina urushi kabi kutilmagan voqealardan tashqari, uzoq yillardan buyon to‘planib kelayotgan tahdidlar — iqlimning o‘zgarishi, yer qatlamining degradatsiyaga uchrashi, cho‘llashish, suv resurslarining yetishmovchiligi, qurg‘oqchilik, o‘simliklarning turli yuqumli kasalliklarga yo‘liqishi, hosildorlikning pasayishi va buning oqibatida ocharchilik yuzaga kelishi, bunday xavf-xatarlarning oldini olish borasida kelishuvlar imzolash konferensiya yalpi majlisi kun tartibi bo‘lib turdi. Yalpi majlisda turli davlatlardan kelgan vakillar so‘zga chiqishdi.
30 dan ortiq davlatlardan vazirlar, diplomatlar, qishloq xo‘jaligi sohasining ko‘zga ko‘ringan namoyandalari ishtirok etayotgan konferensiya seksiyalarga bo‘linib o‘z ishini davom ettirmoqda. Seksiyalarning ishi ertaga ham davom ettiriladi.
Qayd etib o‘tish joiz, konferensiya ishtirokchilari «Ipak yo‘li Samarqand» xalqaro turizm markazida joylashgan Ekspo markazda tashkil etilgan mamlakatimizning oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha yangi yondashuvlarini o‘zida mujassam etgan «O‘zbekiston agrooziq-ovqat salohiyati» ko‘rgazmasini ham ko‘zdan kechirdilar.
Mazkur ko‘rgazmada O‘zbekiston agrar tarmog‘ini isloh qilishda erishilgan yutuqlar namoyish etilmoqda. O‘zbekistonning qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish sohalaridagi salohiyati, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha yangi yondashuvlari namoyish etildi. Konferensiya qatnashchilari urug‘chilik, bog‘dorchilik, chorvachilik, oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarishning klaster, kooperatsiya, agrologistika usullari bilan tanishtirildi.
Shuhrat Shokirjonov, Kun.uz muxbiri
Mavzuga oid
09:28 / 08.11.2024
Samarqandga 100 ta elektrobus olib kelinadi
10:53 / 07.11.2024
Misr Samarqand viloyati tuman va shaharlarida suv ta’minoti tizimini modernizatsiya qilishi mumkin
13:41 / 02.11.2024
Toshkent viloyatida bolalar uchun berilgan oziq-ovqatni bog‘chadan olib ketayotgan mudira ushlandi
21:44 / 01.11.2024