O‘zbekiston | 07:45 / 08.09.2023
41809
7 daqiqa o‘qiladi

«Yoshlar daftari»ga kiritilganlar uchun 5 muhim imtiyoz ma’lum qilindi

Qonunchilikda “Yoshlar daftari”ga kiritilganlar uchun 25 ga yaqin imtiyozlar nazarda tutilgan. Hudud24 ularning ayrimlaridan foydalanish haqida ma’lumot berdi.

Foto: O‘zA

Bir martalik moddiy yordam

“Yoshlar daftari”ga kiritilgan moddiy ahvoli og‘ir yoshlarga BHMning 4 baravarigacha (1 mln 320 ming so‘mgacha) moddiy yordam beriladi.

Moddiy yordam olish uchun mahalladagi yoshlar yetakchisiga ariza beriladi. Yoshlar yetakchisi 3 ish kunida ariza bergan shaxsning ijtimoiy holatini o‘rganadi hamda moddiy yordam berish yoki rad etish to‘g‘risida Vasiylik kengashiga (tuman (shahar) yoshlar ishlari bo‘limi) xabar beradi.

Moddiy yordam “Xalq banki” orqali naqd yoki plastik kartaga beriladi. Bir martalik moddiy yordam olish yoshlarni “Yoshlar daftari”dan chiqarishga asos bo‘lmaydi. Moddiy yordam bir yilda bir marotaba beriladi.

Yoshlarning tadbirkorlik va kasb-hunarga o‘qish xarajatlari qoplab beriladi

Yoshlarning tadbirkorlik va kasb-hunarga o‘qish xarajatlarining 75 foizigacha qismi hokim yordamchisining ijobiy tavsiyasi asosida to‘lab beriladi.

Buning uchun tadbirkorlikka yoki kasb-hunarga o‘qishni istagan yoshlar tuman (shahar) Yoshlar ishlari bo‘limiga ariza hamda o‘quv kursi shartnomasi nusxasini beradi. Shartnomada ta’lim tashkiloti nomi, STIR, o‘quv kursi yoki kasb-hunar nomi, bir oylik to‘lov miqdori va umumiy muddat ko‘rsatilgan bo‘lishi lozim.

Hujjatlar 3 ish kunida ariza bergan yoshlar yashaydigan mahalladagi hokim yordamchisiga ko‘rib chiqish uchun yuboriladi va hokim yordamchisi 5 ish kunida o‘qish xarajatlarini qoplash haqidagi tavsiyanoma berish yoki rad etish haqida yoshlar ishlari bo‘limini xabardor qiladi. Tavsiyanoma berish rad etilsa, u asoslantirilgan bo‘lishi shart.

Hokim yordamchisi arizani 5 ish kunida ko‘rib chiqmasa yoki tavsiyanoma berishni asossiz rad etsa, Vasiylik kengashi (yoshlar ishlari bo‘limi) o‘z tashabbusi bilan kontrakt pulini o‘tkazib berishi mumkin.

O‘qish xarajatlarning 75 foizigacha qismi, biroq quyidagi miqdorlardan ko‘p bo‘lmagan holda to‘lab beriladi:

– bir oygacha bo‘lgan kurslar uchun – BHMning 4 baravarigacha;
– bir oydan 2 oygacha bo‘lgan kurslar uchun – BHMning 8 baravarigacha;
– ikki oydan ko‘p muddatli kurslari uchun – BHMning 12 baravarigacha.

Yoshlarning avtomaktabda o‘qish xarajatlari qoplab beriladi

Yoshlarning avtomaktabda o‘qish xarajatlari BHMning 4 baravarigacha (hozirda 1 mln 320 ming so‘mgacha) qismi qoplab beriladi.

Buning uchun avtomaktabda o‘qishni istagan yoshlar tuman (shahar) yoshlar ishlari bo‘limiga ariza hamda o‘quv kursi shartnomasi nusxasini beradi. Shartnomada ta’lim tashkiloti nomi, STIR, o‘quv kursi yoki kasb-hunar nomi, bir oylik to‘lov miqdori va umumiy muddat ko‘rsatilgan bo‘lishi lozim.

Hujjatlar qabul qilingandan keyin 3 ish kunida tegishli yoshlar yetakchisiga yuboriladi va yoshlar yetakchisi 5 ish kunida o‘qish xarajatlarini qoplash haqidagi tavsiyanoma berish yoki rad etish haqida yoshlar ishlari bo‘limini xabardor qiladi. Tavsiyanoma berish rad etilsa, u asoslantirilgan bo‘lishi shart.

Hokim yordamchisi arizani 5 ish kunida ko‘rib chiqmasa yoki tavsiyanoma berishni asossiz rad etsa, Vasiylik kengashi (yoshlar ishlari bo‘limi) o‘z tashabbusi bilan kontrakt pulini o‘tkazib berishi mumkin. O‘qish xarajatini qoplab berish qanoatlantirilganda, pul o‘quv markazining hisobraqamiga o‘tkazib beriladi.

Dehqonchilik va tomorqa yuritish bilan shug‘ullanayotgan yoshlarga urug‘lik va ko‘chatlar xarid qilish uchun subsidiya beriladi

Tomorqasi bo‘lgan yoki dehqonchilik qilayotgan yoshlarga urug‘lik va ko‘chatlar xarid qilish uchun BHMning 8 baravarigacha miqdorda hokim yordamchisining ijobiy tavsiyasi asosida subsidiya beriladi.

Subsidiya olish uchun ariza beruvchi Yoshlar ishlari bo‘limiga yeri borligini tasdiqlovchi hujjat hamda urug‘lik va ko‘chatlarni xarid qilish shartnoma nusxasini taqdim etadi. Hujjatlar 3 ish kunida ariza bergan yoshlar yashaydigan mahalladagi hokim yordamchisiga ko‘rib chiqish uchun yuboriladi.

Hokim yordamchisi 5 ish kunida ariza beruvchining dehqonchilik qiladigan yeriga borib urug‘lik va ko‘chat ekishga sharoit borligini o‘rganadi. O‘rganish natijasiga ko‘ra, pul ajratish haqidagi tavsiyanoma berish yoki rad etish haqida Yoshlar ishlari bo‘limini xabardor qiladi. Tavsiyanoma berish rad etilsa, u asoslantirilgan bo‘lishi shart. Pul yoshlarning qo‘liga berilmaydi, ajratilgan pul urug‘lik va ko‘chat yetkazib beruvchi tashkilotga o‘tkazib beriladi.

Tadbirkorlik uchun ijara xarajatlari qoplab beriladi

Yosh tadbirkor yoki o‘zini o‘zi band qilgan yoshlar o‘z faoliyatini olib borayotgan joyning yillik ijara to‘lovining 30 foizi, biroq BHMning 25 baravarigacha bo‘lgan qismi hokim yordamchisining ijobiy tavsiyasi asosida qoplab beriladi.

Buning uchun quyidagi hujjatlar Yoshlar ishlari bo‘limiga taqdim qilinishi kerak: tadbirkorlik guvohnomasi nusxasi yoki o‘zini o‘zi band qilgan sifatida ro‘yxatdan o‘tganlikni tasdiqlovchi QR-kodli ma’lumotnoma; ijara shartnomasining soliqda hisobga qo‘yilganligi haqidagi bildirishnoma; ijara shartnomasi nusxasi.

Hujjatlar 3 ish kunida ariza bergan yoshlar yashaydigan mahalladagi hokim yordamchisiga ko‘rib chiqish uchun yuboriladi. Hokim yordamchisi 5 ish kunida ijara shartnomasi xarajatlarini qoplash yoki rad etish haqida yoshlar ishlari bo‘limiga xabar beradi. Ariza rad etilsa, u asoslantirilgan bo‘lishi lozim. Ariza qanoatlantirilgan taqdirda, oylik ijara puli ijaraga bergan shaxs hisobraqamiga o‘tkazib beriladi.

Mavzuga oid