Jahon | 14:57 / 09.09.2023
8311
2 daqiqa o‘qiladi

Moldova YeI yagona bozori dasturida ishtirok etish to‘g‘risidagi bitimni imzoladi

Moldova prezidenti Mayya Sandu dastur Moldova tovarlari va xizmatlarining Yevropa bozorlariga kirishini kengaytiradi, dedi.

Foto: Reuters

Moldova Respublikasi Yevropa Ittifoqining Yagona bozor dasturida ishtirok etish uchun assotsiatsiya shartnomasini imzoladi, deb xabar beradi MOLDPRES.

Dastur xususiy sektor va davlat institutlarini Yevropa qoidalari va standartlariga tayyorlashga qaratilgan bo‘lib, Yevropa yagona bozoriga kirishni kuchaytirish uchun yanada izchil moliyalashtirish tuzilmasini taklif etadi.

Moldova prezidenti Mayya Sandu dastur Moldova tovarlari va xizmatlarining Yevropa bozorlariga kirishini kengaytiradi, dedi. Uning so‘zlariga ko‘ra, kelishuv imzolanishi mamlakatning Yevropa Ittifoqi yagona bozoriga bosqichma-bosqich integratsiyalashuvi yo‘lidagi muhim qadam va respublikani modernizatsiya qilish, Yevropa standartlariga moslashtirish bo‘yicha qat’iy intilishdir. «Raqobatbardosh va kuchli iqtisodiyot uyda yaxshi maosh oladigan ish va fuqarolar uchun yuqori turmush darajasini anglatadi», dedi Sandu.

Iqtisodiy rivojlanish va raqamlashtirish vazirligi ta’kidlashicha, kelishuvning imzolanishi Moldova Respublikasiga Yevropa Ittifoqining ichki bozor qoidalariga rioya qilish imkoniyatlari va standartlarini oshirish, kichik va o‘rta biznesning raqobatbardoshligi va barqarorligini mustahkamlash, yangi biznes imkoniyatlarini ilgari surish va rivojlantirish imkonini beradi. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid