AQSh demokrat-senatori Kris Myorfi. Foto: copticsolidarity.org

Konnektikut shtatidan demokrat-senator Myorfi va Indiana shtatidan republikachi-senator Todd Yang 7 sentabr kuni O‘zbekiston, Qozog‘iston va Tojikiston uchun Jyekson-Venik tuzatmasini bekor qilish va bu uch davlat bilan doimiy normal savdo munosabatlari o‘rnatish statusi to‘g‘risidagi qonun loyihasini taqdim etishdi.

Agar qonun loyihasi muvaffaqiyatli qabul qilinsa AQSh bu cheklovlardan jabr ko‘rib kelayotgan Markaziy Osiyo davlatlarining qiyinchiliklarini sezilarli tarzda yengillashtirgan bo‘ladi, deb yozadi The Diplomat.

Rossiya Ukrainada olib borayotgan urushning mintaqaga halokatli ta’siri hamda Xitoyning Markaziy Osiyoga ekspansiyasi sharoitida O‘zbekiston, Qozog‘iston va Tojikiston uchun Jyekson-Venik tuzatmasi bekor qilinishi Amerika Qo‘shma Shtatlari tomonidan ko‘zga ko‘rinarli yaxshi niyatdagi qadam bo‘lib xizmat qiladi.

Respublikachi-senator Todd Yang. Foto: mavink.com

Savdo to‘g‘risidagi qonunga 1974 yilgi Jyekson-Venik tuzatmasi ayrim davlatlarning emigratsiyaga qo‘ygan cheklovlari, xususan, SSSRni tark etmoqchi bo‘lgan yahudiylarga nisbatan cheklovlar tufayli AQSh bilan normal savdo qilish huquqidan mahrum etish maqsadida qabul qilingan. Garchi sovet ittifoqi 1991 yilda parchalanib ketgan bo‘lsa-da, Jyekson-Venik tuzatmasi uning ayrim sobiq a’zolari uchun amal qilishda davom etib kelmoqda. 2000–2012 yillarda bu cheklovdan Qirg‘iziston, Gurjiston, Ukraina, Armaniston, Moldova va Rossiya chiqarib tashlangan.

Biroq, Markaziy Osiyoning to‘rt davlatidan (yuqorida sanalganlardan tashqari Turkmaniston ham cheklov ostida) cheklov hanuz olib tashlanmagan.

Joriy yil mart oyida AQSh davlat kotibi Entoni Blinkenning Qozog‘iston va O‘zbekistonga tashrifidan so‘ng, Senatning terrorizmga qarshi kurash hamda Yaqin Sharq, Janubiy Osiyo va Markaziy Osiyo bo‘yicha xalqaro munosabatlar qo‘mitasi ostqo‘mitasi Blinkenning Janubiy va Markaziy Osiyo masalalari bo‘yicha yordamchisi Donald Lu hamda uning energetika resurslari bo‘yicha yordamchisi Jyeffri Payyettning bu boradagi ko‘rsatmalarini tinglagan.