Mustamlakachilar o‘zbek xalqiga tazyiq o‘tkaza boshlagan paytlarda yurtini himoya qilishga uringan bir qancha mard yigitlardan qo‘shinlar tuzilib, bu qo‘shinlarga qo‘rboshilar tayinlangan. Ular vatanni himoya qilish yo‘lida jonini ham ayamagan, yagona maqsadlari – erk, ozodlik, xalq tinchligi edi. Afsuski, dushmanlar qo‘li baland kelib, ikki milliondan ortiq dov yigitlar qurbon bo‘lib, mag‘lubiyatga uchradi. Qizillar ularni xalqqa va tarixga «bosmachilar» sifatida tanitdi. «Bosmachi» deb tanishtirilgan yurt himoyachilarining aslida kimligini ko‘rsatishga qaratilgan asarlardan biri Bahodir Murod Alining «Ko‘kto‘nliklar» qissasidir.
Syujyet:
Asarda Ko‘kto‘nlida yashovchi odamlar haqida gap boradi. Bosh qahramonlardan biri Asqarali Umaralibek ismli qo‘rboshi qo‘lida tarbiya topib, Umaralibek vafotidan keyin qo‘rboshi etib tayinlanadi. Ko‘kto‘nliklar qirg‘iy nomli millatdan qattiq nafratlanardi. Ularni hech kimga do‘st bo‘lmaydi deb hisoblashardi. Chunki azal tarixda ko‘kto‘nliklar irg‘iy deb atalgan va ularga qirg‘iylar doim dushmanlik qilib kelgandi. Asqaralibek Qirg‘iy qizni, Nisorani bir ko‘rishda sevib qolgandi, u qarshiliklarga qaramasdan qizga uylanadi.
Biroz muddatdan so‘ng bir yetim qirg‘iy bolaga ham rahmi kelib xizmatiga oladi. Obdan sinaydi. Bora-bora qirg‘iy boladan shubhasi qolmaydi.
Nisora qaynonasi bilan kelisholmay o‘z qishlog‘iga ketib qolaveradi. Bir safar Asqaralibek ortidan izlab borgan payt qaynotasinikida bir uy qirg‘iy kuyovni o‘ldirmoqchi bo‘ladi. Ammo Asqaralibek chapdastlik bilan u yerdan qochib qutulishga ulguradi. U buni Nisora uyushtirgan deb o‘ylab xotinidan qattiq xafa bo‘ladi. Yigitni onasi qo‘yarda qo‘ymay boshqa qizga uylantiradi.
Nisora homilador edi. Tug‘gach bolani Asqaralibek o‘z qarmog‘iga oladi, ismini Umaralibek qo‘yadi va uni yangi ayoli Salomatga topshiradi. Yana bir safar Asqaralibekning hayotiga qasd qilinadi. Dalillar bu suiqasdning ham Nisoraga bog‘liqligi borligini ko‘rsatardi. Asqaralibek Nisorani o‘ldirishga chog‘lanadi, buni amalga oshiradi ham (muallif o‘quvchini Nisoraning o‘limiga ishontiradi).
Bir kuni Asqaralibekning uyiga o‘t tushadi. Bolasi yonib ketadi, otasi jinni bo‘lib qoladi. Bulardan qo‘rboshi qattiq iztirobga tushadi. Ammo yurt uchun harakatdan to‘xtamaydi. Shomirzabek, Ismoyilbek singari qo‘rboshilarga birlashishni taklif qiladi. Biroq sardorlikka kim saylanishi haqida kelishisholmay, birlashish rejasi amalga oshmay qoladi. Bo‘linganni bo‘ri, ayrilganni ayiq yer deganlaridek, Ismoyilbek qo‘shini mag‘lub bo‘ladi. Asqaralibekni aynan o‘sha qo‘l ostiga olgani qirg‘iy bola tutib beradi. Shomirzabek esa yigitlari bilan qochib yuradi.
















