
Ukrainlar anneksiya qilingan Sevastopolga qanotli raketalar orqali zarba berishi oqibatida ikki kema shikastlangan. Bu haqda RF mudofaa vazirligi ma’lum qilgan. Bundan tashqari, vazirlikning tasdiqlashicha, 13 sentabrga o‘tar kechasi xuddi shu vaqtda uchta dengiz droni ham Qora dengiz floti kemalariga hujum uyushtirgan, ammo ular yo‘q qilingan.
Hodisa haqida dastlab Sevastopolning Rossiya tomonidan tayinlangan meri Mixail Razvojayev xabar berdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, shaharga tonggi soat 3 atrofida raketalar uchib kelgan.
U raketalardan biri Sevmorzavodga kelib tushgani va u yerda yirik yong‘in boshlanganini ma’lum qilgan. «Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, hujum oqibatida jami 24 kishi jabrlangan, to‘rt kishining — ahvoli o‘rta og‘ir darajada», — deya yozgan Razvojayev.
Rossiyadagi huquq-tartibot idoralariga aloqador sanalgan Baza va Shot telegram-kanallari esa zavodning 26 ishchisi jarohatlanib, yana ikki kishi halok bo‘lgani haqida xabar bergan. Qurbonlar haqida rasmiy ma’lumot yo‘q. Kanallarning tasdiqlashicha, hujum oqibatida ta’mirlash uchun zavod hududiga joylashtirilgan «Minsk» nomli katta desant kemasi va «Rostov-na-Don» dizel-elektrik suvosti kemasi shikastlangan.
Sevmorzavod — Sevastopoldagi Sergo Ordjonikidze nomidagi kemasozlik zavodi bo‘lib, bu yerda Rossiya Qora dengiz floti kemalari turgan va ta’mirlangan.
Hujumdan bir necha soat o‘tib Rossiya mudofaa vazirligi tunda Ukraina qurolli kuchlari Sevastopoldagi mazkur zavodga o‘nta qanotli raketa bilan zarba berganini xabar qildi. Vazirlik Rossiya havo hujumidan mudofaa tizimlari yetti raketani urib tushirgani — qolgan uch raketa ta’mirlash jarayonida bo‘lgan ikki kemaga shikast yetkazganini ma’lum qilgan.
Ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari va telegram-kanallar tarqatgan videolarda kemasozlik zavodi hududida uchta portlash ovozi eshitilgani aks etgan.
Rossiya mudofaa vazirligi uchta ekipajsiz kater Qora dengiz flotining dengizga chiqayotgan kemalari otryadiga hujum qilishga uringani, ammo «Vasiliy Bikov» patrul kemasi ularni yo‘q qilgani haqida ham xabar bergan.
Ukraina mudofaa vazirligi bosh razvedka boshqarmasi vakili Andrey Yusov ham ukrain nashrlariga bergan ma’lumotida Sevastopol bo‘ylab berilgan zarbalar oqibatida kema va suvosti kemasiga shikast yetkazilganini aytgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, hujum oqibatida kemasozlik zavodining uskunalari ham shikastlangan.


















