Germaniya Oyni o‘rganish bo‘yicha «Artemida» dasturiga qo‘shildi
Germaniyaning AQShdagi elchixonasida xalqaro kosmik dasturga qo‘shilish bo‘yicha kelishuv imzolandi. Hozirda 29 davlat Oy va Marsni tadqiq qilish dasturida ishtirok etmoqda.
Oy va Marsni tadqiq qilishda faolroq ishtirok etishga intilayotgan Germaniya Amerikaning NASA kosmik agentligi boshchiligidagi xalqaro «Artemida» dasturiga qo‘shildi. Germaniya aviatsiya va kosmonavtika markazi (DLR) bosh direktori Valter Pelser tegishli kelishuvlarga o‘z imzosini qo‘ydi. Marosim Germaniyaning Vashingtondagi elchixonasida 14 sentabr kuni kechqurun bo‘lib o‘tdi.
Hujjatning imzolanishi munosabati bilan DLR Germaniya «koinot tarixidagi muhim davr»ning bir qismi bo‘lishni xohlashini ta’kidladi. «Artemida» kelishuvi fuqarolik fazosini tadqiq qilish, kometalar, asteroidlar, Oy va Marsdan tinch maqsadlarda foydalanishda hamkorlik tamoyillarini belgilaydi. Germaniya dasturga qo‘shilishi bilan «Artemida» endi 29 davlatni o‘z ichiga oladi.
Germaniyaning «Artemida» dasturiga qo‘shadigan hissasi
Vashingtonda shartnomani imzolash marosimida Germaniya hukumatining kosmik tadqiqotlar bo‘yicha koordinatori Anna Kristmann, Germaniyaning AQShdagi elchisi Andreas Mixaelis va NASA rahbari Bill Nelson ham ishtirok etdi. DLR rahbari Pelser Germaniya va Qo‘shma Shtatlar uzoq vaqtdan beri kosmik tadqiqotlar bo‘yicha muvaffaqiyatli hamkorlar bo‘lib kelganini ta’kidladi. Misol uchun, nemis kompaniyalari allaqachon Oyga yangi qo‘nishga tayyorgarlik ko‘rishda markaziy rol o‘ynamoqda.
Pelserning so‘zlariga ko‘ra, «Germaniyaning «Artemida» kelishuvlarini imzolashi kosmik tadqiqotlar dasturini amalga oshirish bo‘yicha birgalikdagi sa’y-harakatlarga yangi turtki beradi». «Artemida» kelishuvlari Germaniyada va oxir-oqibat butun Yevropada sanoat va tadqiqotlar uchun ko‘plab yangi imkoniyatlar ochadi», dedi u.
O‘z navbatida, NASA direktori Nelson «Artemida» ishtirokchilari orasida Germaniyani qutlab, u uzoq vaqtdan beri «NASA’ning eng yaqin va samarali xalqaro hamkorlaridan biri bo‘lib kelganini ta’kidladi».
Mavzuga oid
13:13
Germaniya O‘zbekistonga 1 mlrd yevrodan ortiq qiymatda mahsulotlar eksport qildi
21:33 / 18.11.2024
Finlandiya va Germaniya o‘rtasidagi suvosti telekommunikatsiya kabeli ishdan chiqdi
20:47 / 18.11.2024
Germaniya Ukrainaga sun’iy intellektga ega Helsing dronlarini yetkazib beradi
11:37 / 18.11.2024