Xalqaro informatika olimpiadasida O‘zbekiston ilk medallarini qo‘lga kiritdi. 11-sinf o‘quvchilari 2 ta bronzaga ega chiqdi. Ulardan biri «Xalqaro informatika olimpiadasida dasturlash va kompyuterdan foydalanishda yaxshi ko‘nikmaga ega bo‘lish yetarli. Shunda ham baland natija qayd etib, bronza, hatto kumushni olish mumkin», deydi. Kun.uz olimpiadada katta natija ko‘rsatgan o‘quvchilarning muvaffaqiyati kaliti, o‘y-xayollari, bu yo‘ldagi mashaqqatlari va kelajakdagi rejalari haqida suhbat tashkil qildi. 

.

Xalqaro informatika olimpiadasi 1989 yildan beri o‘tkazib kelinadi. O‘zbekiston terma jamoasi bu musobaqada juda ko‘p marotaba ishtirok etgan, ammo shu vaqtgacha birorta medal qo‘lga kiritmagandi. 2023 yilgi olimpiadada ko‘rsatkich yangilandi. Andijon shahridagi prezident maktabi hamda Toshkentdagi ixtisoslashtirilgan maktab o‘quvchilari Dilshodbek Xo‘jayev va Dilyorbek Valijonov 2 ta bronza medalini qo‘lga kiritdi. 

Bu yilgi olimpiada ikkala o‘quvchi uchun ham so‘nggisi edi. Boisi ular maktabni tamomlab, OTMga qabul qilinishi kutilayotgandi. Ikkala o‘quvchi o‘zi uchun maktab yoshidagi so‘nggi olimpiadani medal bilan yakunlashning uddasidan chiqib, o‘zbek informatikasi tarixida yangi sahifa oshishga muvaffaq bo‘ldi.

Kun.uz yosh informatiklar bilan yaqindan tanishish, ularning musobaqaga tayyorgarlik jarayonlari hamda taassurotlari haqida bilish uchun intervyu tashkil etdi.

Olimpiadaga kirib kelish va unga tayyorgarlik 

Dilshodbek Xo‘jayev: 5-6 sinf paytlarim matematika olimpiadalariga qatnashib yurardim. U paytlarda akam ham informatika bo‘yicha xalqaro olimpiadalarda qatnashardi. Akamning o‘zi o‘rganishni kech boshlagan, boshqa davlat ishtirokchilari ancha yoshroq bo‘ladi. Olimpiadaga qancha erta qatnashsa, shuncha ko‘proq va yaxshiroq natija ko‘rsatish mumkin.

Shundan so‘ng meni ham informatikaga yo‘naltira boshlashgan, 6-sinf paytimda informatikani o‘rgana boshlagan bo‘lsam, 7-8-sinf paytlarimdan esa xalqaro olimpiadalarga tayyorlanishni boshlaganman. U vaqtda informatika bo‘yicha O‘zbekistonda medal yo‘q edi, shuning uchun birinchisini o‘zim olaman deb niyat qilganman. 

8-sinfdan boshlab olimpiadalarga qatnashaman. Bu yil to‘rtinchi bor qatnashishim bo‘ldi. Oldingi 3 marta qatnashganimda natija bo‘lmagach, tushkunlikka tushib tashlab ketmoqchi ham bo‘lganman. Kerakmasdir, balki bundan ketarman degan xayol ham o‘tgandi. «Shundoq ham bu bo‘yicha hali ko‘rsatkich qayd etilmagan, balki, boshqalar singari menam tashlab ketarman, shu medalni boshqalr olar», – deganman. Ba’zida haftalab olimpiada haqida o‘ylab yurardim. Bu yil medal olsam, olmasam ham xafa bo‘lmayman deb oxirgi marotaba ishtirok etgandim.