Ramzon Qodirovga tegishli biznes-jyet sentabr oyi boshidan buyon uch marta Moskva tomon parvoz qilgan. Bu mish-mishlar fonida 17 sentabr kuni Ramzon Qodirov yuritadigan Telegram-kanalda uning o‘zi chiqqan video e’lon qilindi. O‘z chiqishida u «haqiqatni yolg‘ondan ajrata olmaydiganlar»ga toza havoda sayr qilishni tavsiya qilgan. Biroq Checheniston rahbari o‘z salomatligi haqida hech narsa demagan.

Xo‘sh, bu xabarlar qanday paydo bo‘ldi va ularda asos bormi?

Ramzon Qodirovning slomatligi keskin yomonlashgani haqidagi dastlabki xabar 15 sentabrga o‘tar kechasi paydo bo‘ldi. Chechenistonning muxolifatdagi NIYSO telegram kanali Qodirov go‘yoki komaga tushib qolganini yozib chiqdi. Shunda Ukrainaning «Obozrevatel» nashri chechen diasporasidagi manbalariga tayanib, Checheniston rahbari bir necha kundan beri komada ekanini yozdi. Nashrning ta’kidlashicha, Qodirovni samolyotda Moskvaga eltishgan, biroq poytaxtlik vrachlar unga yordam bera olishmagan, endi uni xorijda davolash uchun olib borish masalasi ko‘rib chiqilmoqda.

Keyinroq Ukraina bosh razvedka boshqarmasi vakili Andriy Yusov nashrga Checheniston rahbari «kritik ahvolda» ekanini tasdiqlagan. Yusovning so‘zlariga ko‘ra, bunday ma’lumotlar tibbiy va siyosiy doiralardagi turli manbalardan kelgan. Tez orada chechenistonlik huquqbon va muxolifatchi Abubakar Yangulbayev Ramzon Qodirov o‘lganini e’lon qildi. Biroq, hech qanday isbot keltirgani yo‘q.

Shundan so‘ng Qodirov va uning yordamchisi Umar Daudovning ijtimoiy tarmoqlarida qisqa video e’lon qilindi. Unda Checheniston rahbari o‘z yaqinlari davrasida orqa tomondan ko‘rsatilgan. Bu kadrlar qachon va qayerda olingani ochiqlanmagan, bu esa savollarni yanada ko‘paytirgan.