1980-yillarda Vengriyada ishlab chiqarilgan Ikarus avtobuslari juda ommabop edi. O‘sha paytlarda Yevropada ishlab chiqarilgan avtobuslarning yarmidan ko‘prog‘ini Ikarus’lar tashkil etardi.

Har yili o‘rtacha 12 ming dona avtobus ishlab chiqarilardi va uning asosiy qismi SSSRga eksport qilinardi. Shu sababli sobiq ittifoqda, jumladan O‘zbekistonda shahar va shaharlararo yo‘nalishlarda asosan Ikarus avtobuslari xizmat qilardi.

Biroq 1990-yillar boshiga kelib SSSR tarqab ketdi va korxona eng yirik xaridordan ayrildi. Shuningdek, Sharqiy Yevropadagi davlatlarga nemislarning sifat jihatdan ancha ustun bo‘lgan avtobuslari kirib kela boshladi.

Oqibatda avvaliga Ikarus kompaniyasida ishlab chiqarish hajmi keskin qisqarib ketdi. So‘ng kompaniya butunlay bankrot bo‘ldi.

Shaharlararo qatnovchi Ikarus avtobusi
Foto: autogaleria.hu

Ikarus tarixi

Ikarus avtobuslarining tarixi 1895 yilga borib taqaladi. Shu yili Imre Uri ism-sharifli shaxs Vengriyaning Pesht shahrida kareta (odam tashuvchi arava) tuzatish ustaxonasini ochadi.

(O‘sha paytlarda Dunay daryosining ikki tomonida joylashgan Buda va Pesht alohida shaharlar edi. Keyinchalik ular birlashib Budapesht nomini oladi.)

1920-yillardan boshlab ustaxona avtobus kuzovlari ishlab chiqaruvchi korxonaga aylanadi. 1927 yilda Uri yirik buyurtma oladi. O‘sha paytlarda avtobus kuzovlari asosan yog‘ochdan ishlab chiqarilar va ustiga metall qoplanar edi.

Ko‘p o‘tmay Urining o‘zi ham avtobus ishlab chiqarishni boshlaydi. Avvaliga u AQShning Ford kompaniyasida ishlab chiqarilgan eski yuk mashinalarini avtobuslarga aylantiradi. Ko‘p o‘tmay nemislarning Mercedes-Benz yuk avtomobillari shassisidan foydalana boshlaydi.

1930-yillar boshida Uri kompaniya boshqaruvini o‘g‘illariga topshiradi. Shundan so‘ng 1933 yilda kompaniyaga «Aka-uka Urilar» deb nom beriladi. 1939 yilda kompaniya minginchi avtobusni ishlab chiqaradi.