Jahon | 09:15 / 20.09.2023
5832
3 daqiqa o‘qiladi

Yerevandagi namoyishlar chog‘ida 30 dan ortiq kishi jarohat oldi

Yerevan markazida Bokuning Qorabog‘dagi harakatlariga qarshi norozilik namoyishlari chog‘ida kamida 34 kishi, jumladan, 16 politsiyachi jarohat oldi, deya xabar bermoqda Armaniston Sog‘liqni saqlash vazirligi.

Foto: SCANPIX/AP/Vahram Baghdasaryan

19 sentabr, seshanba kuni Ozarboyjonning Qorabog‘dagi aksilterror tadbirlari munosabati bilan Yerevanda boshlangan norozilik namoyishlarida o‘sha kuni kechga yaqin kamida 34 kishi, jumladan, 16 politsiyachi jarohat olgan. Bu haqda Armaniston Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lum qildi. Ta’kidlanishicha, jabrlanganlardan biri operatsiya qilingan.

Armaniston hukumat binosi yaqinida boshlangan aksiyalar namoyishchilar va politsiya o‘rtasida to‘qnashuvlarga sabab bo‘ldi. Yig‘ilganlar politsiyaga shisha uloqtirib, bosh vazir Nikol Pashinyanni «sotqin» deb atadi, deb yozadi «ChTD» Telegram-kanali. O‘z navbatida, politsiya shovqinli granatalardan foydalangan. 

Armaniston hukumati binosi yaqinidagi chodirlar 

Baza Telegram-kanaliga ko‘ra, namoyishchilar bir kecha Yerevandagi Respublika maydonida qolishni rejalashtirgan. Armaniston hukumati binosi yonida allaqachon bir nechta chodirlar o‘rnatilgan. Politsiya chodirlarni buzib, namoyishchilarni qo‘lga olishga harakat qilmoqda. 

19 sentabr kuni Berlindagi Brandenburg darvozasida Qorabog‘dagi harakatlarga qarshi norozilik namoyishi bo‘lib o‘tdi. O‘nga yaqin faollar, jumladan, ekologiya faoli Arshak Makichyan Germaniya poytaxti markaziga Save Arsakh plakati bilan keldi. 

Qorabog‘dagi operatsiya

19 sentabr kuni ertalab Ozarboyjon Qorabog‘da «aksilterror tadbirlari»ni e’lon qildi va tan olinmagan respublika hududini, jumladan, uning poytaxti Stepanakertni o‘qqa tuta boshladi. Shu bilan birga, Boku arman qo‘shinlarini olib chiqib ketish va mintaqada «rejim o‘zgarishini» talab qilishini bildirdi. Ayni paytda, Yerevan Qorabog‘ hududida arman harbiylari yo‘qligini da’vo qilib, Ozarboyjonni «etnik tozalash»da aybladi. 

Armaniston hukumati Rossiya tinchlikparvar kuchlari choralar ko‘rishini kutmoqda, dedi Nikol Pashinyan.  

Armaniston TIV rasmiy vakili Ani Badalyan keyinroq X (sobiq Twitter) ijtimoiy tarmog‘ida ma’lum qilganidek, 21 sentabr kuni Qorabog‘dagi vaziyat keskinlashuvi bo‘yicha jahon tashkiloti Xavfsizlik kengashining yig‘ilishi bo‘lib o‘tadi. 

Rossiya, YeI va AQSh reaksiyasi 

O‘z navbatida Moskva ham Bokuni, ham Yerevanni qon to‘kilishini to‘xtatishga, diplomatiyaga qaytishga va tinchlikparvar kuchlar xavfsizligini ta’minlashga chaqirdi. Yevropa Ittifoqi harbiy harakatlarni qoraladi. Qo‘shma Shtatlar mintaqadagi harbiy harakatlarni zudlik bilan to‘xtatishga chaqirdi. 

Mavzuga oid