Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrovning aytishicha, G‘arb Ukrainadagi mojaro sabablari haqida aniq muloqotdan qochmoqda, chunki «uning halol dalillari yo‘q». Bu haqda Lavrov BMT Xavfsizlik kengashining Ukraina bo‘yicha yig‘ilishida ma’lum qildi.
«G‘arb faktlarga asoslangan aniq muloqotdan va BMT Nizomining barcha talablarini hurmat qilishdan qochmoqda. Aftidan, uning halol muloqot uchun dalillari yo‘q», - dedi u.
Lavrovning ta’kidlashicha, bugungi kunda g‘arblik muxoliflarning ritorikasida Moskva «faqat shiorlarni eshityapti: bosqinchilik, agressiya, anneksiya».
Uning so‘zlariga ko‘ra, G‘arb BMT Nizomi tamoyillariga faqat «o‘zining xudbin geosiyosiy ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda» murojaat qiladi.
«Bu muqarrar ravishda global barqarorlikning yomonlashishiga, mavjud keskinlik o‘choqlarining kuchayishiga va yangi tarangliklarning boshlanishiga olib keladi. Global mojarolar xavfi ham ortib bormoqda», - dedi Lavrov.
Lavrovning so‘zlariga ko‘ra, aynan shu xavflarni kamaytirish va hodisalarni tinch yo‘nalishga qaratish uchun «Rossiya BMT Nizomining barcha qoidalari tanlab emas, balki butunligicha va o‘zaro bog‘liq holda hurmat qilinishi va qo‘llanishini ta’kidlab keladi».
«Qo‘shma Shtatlar va uning ittifoqchilarining harakatlari Nizomda mustahkamlangan talablarning tizimli ravishda buzilayotganini ko‘rsatadi», dedi u.
Rossiya diplomatiyasi rahbarining ta’kidlashicha, sovuq urush tugaganidan keyin ham Qo‘shma Shtatlar boshchiligidagi kollektiv G‘arb «o‘zboshimchalik bilan butun insoniyat taqdiri hakami lavozimini egalladi va BMT asoschilarining merosiga tobora ko‘proq e’tibor bermaslikka o‘tib oldi».
Lavrovning fikricha, G‘arb Minsk kelishuvlarining bajarilishini buzgan va shuning uchun «Ukrainaning qulashi va unda fuqarolar urushi qo‘zg‘alishi uchun bevosita javobgardir».
















