Dunyodagi eng taniqli mediamagnat Rupert Myordok Fox Corporation va News Corp kompaniyalari raisligini o‘g‘li Laklanga topshirishini ma’lum qildi.

92 yoshli biznesmenning kompaniyalari AQSh, Buyuk Britaniya va Avstraliyada yangiliklar tarqatuvchi eng taniqli brendlarga egalik qiladi.

Rupert Myordok o‘z bayonotida kompaniyalarining holati xuddi o‘zi kabi tetik va sog‘lom ekanini aytarkan, oxirgi o‘n yilliklarda ular erishgan yutuqlardan faxrlanishini ta’kidlagan. U vakolatlarini o‘g‘liga noyabr oyida rasman topshiradi.

Myordok media sohasidagi faoliyatini 22 yoshida, gazetachilikdan boshlagan. O‘shanda Avstraliyaning Adelaida shahridagi ikkita gazetaning yarim aksiyalari unga jurnalist otasidan meros bo‘lib qolgandi. Oradan 70 yil o‘tib, qariya Rupert dunyodagi eng katta ta’sirga ega mediamagnat sifatida iste’foga chiqmoqda.

Investor Fox Corporation va News Corp'da faxriy rais lavozimlarini egallamoqchi. “O‘zimning butun kasbiy hayotimda har kuni yangiliklar va g‘oyalar bilan band bo‘ldim, bu jihatdan menda hech narsa o‘zgarmay qoladi”, – deya yangi lavozimiga izoh bergan Rupert Myordok. U o‘g‘li Laxlanni “shijoatli, prinsipial yetakchi” deb ta’riflagan.

Myordok iste’fosi munosabati bilan kompaniyalari xodimlariga yozgan xatida, “gazetalarimizni tarqatuvchi yuk mashinalari haydovchilariga, biz ofisdan ketayotgan paytda ishini davom ettirayotgan bo‘ladigan farroshlarga, bizni qo‘llab-quvvatlaydigan yordamchilarga hamda kameralar yoki kompyuter kodlari ortidagi tajribali operatorlarimizga” minnatdorchilik bildirgan.

AQShning 40-prezidenti Ronald Reygan (chapda) va Rupert Myordok (o‘ngda) Oq uydagi oval kabinetda. 1983 yil / Foto: Oq uy

Rupert Myordok 1931 yilda Avstraliyaning Melburn shahrida tug‘ilgan. U News Corp nomli kompaniyasi orqali dunyo bo‘ylab yuzlab mahalliy, milliy va xalqaro miqyosdagi ommaviy axborot vositalariga egalik qiladi. Britaniyadagi The Sun va The Times, Avstraliyadagi The Daily Telegraph, Herald Sun va The Australian, AQShdagi The Wall Street Journal, New York Post va HarperCollins (nashriyot) shular jumlasidan.

Myordok 1996 yilda asos solgan Fox News AQShda eng ko‘p ko‘riladigan yangiliklar telekanali sanaladi. U, shuningdek, Avstraliyadagi Sky News Australia telekanaliga ham egalik qiladi. 2018 yilgacha Britaniyaning Sky media va kommunikatsiyalar konglomerati, 2019 yilgacha Amerikaning 21st Century Fox videomahsulotlar konglomerati ham Rupert Myordokka tegishli edi.