Prezident 17-20 sentabr kunlari AQShga amaliy tashrif bilan bordi. Davlat rahbari tashrif doirasida Qo‘shma Shtatlarda yashayotgan va ishlayotgan bir guruh vatandoshlar hamda ushbu mamlakatning yetakchi oliy ta’lim dargohlarida tahsil olayotgan “El-yurt umidi” jamg‘armasi stipendiatlari bilan uchrashdi.

Uchrashuv tafsilotlari haqida Kun.uz’ga jurnalist Otabek Mahkamov gapirib berdi.

 – Otabek aka, siz uchrashuvda bevosita ishtirok etdingiz va uni faol yoritdingiz. Uchrashuvda qanday gaplar bo‘ldi, nima masalalar ko‘tarildi, gapirib bera olasizmi?

– Prezident vatandoshlar bilan ko‘rishgan paytda zalga kirib kelishi bilan salomlashgach, “hech qanaqa oldindan tayyorlangan savol, mulohazalarning menga keragi yo‘q, agar sizlarga kimdir shuni o‘rgatgan bo‘lsa, esingizdn chiqaring” dedi. Suhbat ochiqcha, samimiy va qiziqarli bo‘ldi. Uchrashuv 1 soatga belgilangan edi, lekin 6 soatga cho‘zildi. Taklif qilinganlar juda hurmatga sazovor – Harvard, Stenford universitetlarida, Tesla kabi Amerikaning eng yirik kompaniyalarida ishlaydigan vatandoshlar edi. Fikrlar shunga yarasha bo‘ldi. Taklif beringlar deyilgan paytda iqtisodiyot, tibbiyot bo‘yicha juda konstruktiv takliflar berildi. Prezident detallashtirilgan aniq savollar berdiki, nima uchun O‘zbekistonga shunday takliflar kerakligi haqida aniq ma’lumotlar oldik.

– Blogingizda ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarni ochiqchasiga berdi va prezident ularga faktlar va argumentlarga boy javob berdi, deb yozdingiz. Shu ochiqcha savollar va javoblardan ayrim misollar keltira olasizmi?

– Harvard universitetida tibbiyot yo‘nalishida professor bo‘lib ishlaydigan Madina ismli vatandoshimiz bor. U Buxoroda qurilgan yangi klinikalar haqida so‘z ochdi. Menga yoqqan tomoni, u bizdagi shifoxonalar JSST standartlariga asoslangan holda maxsus akkreditatsiyadan o‘tishi kerakligini aytdi. Ba’zilari o‘tgan ekan, ammo ba’zilari o‘tmagan.

Yana bir qiziq suhbat bo‘ldi. Madina o‘zi yaqinda O‘zbekistonga borgani, Prezident maktablarida bo‘lib, u yerda kim, qanday dars berayotganini ko‘rgani haqida aytdi. “Farzandim, qizim katta bo‘lyapti, agar samolyotingizda joy bo‘lsa, uni olib ketishingiz mumkin, Prezident maktabiga farzandimni yuborishga tayyorman”, dedi. Prezident ham “ertaga farzandingizni olib keling, qaysi biri ketadi? Kattasimi kichigimi?” dedi.

Yana bir qiziqtirgan masala ta’lim bo‘yicha ko‘tarildi. O‘zbekiston ta’limi mening eng og‘riqli nuqtam desam ham bo‘ladi, chunki har bir davlatda tibbiyot va ta’lim bo‘lmasa, u davlatning kelajagi yo‘q deb hisoblayman. Prezident, “afsuski, mustaqillikka erishganimizdan so‘ng muallimdek oliy va nihoyatda hurmatga sazovor kasb vakillarini yo‘qotdik, ularga bo‘lgan hurmatni yo‘qotdik. Biz muallimga hurmatni qaytarish ustida ishlayapmiz”, dedi.