21 sentabr kuni Ukraina qishloq xo‘jaligi vaziri Nikolay Solskiy va uning polshalik hamkasbi Robert Telus o‘rtasidagi telefon suhbati haqida press-reliz e’lon qilindi. U «tomonlar yaqin va konstruktiv munosabatlarni tasdiqlagani» haqidagi imkon qadar ehtiyotkor so‘zlardan iborat. Ular «eksport masalalari bo‘yicha o‘zaro hamkorlik varianti»ni muhokama qilgan va Ukraina g‘allasini Yevropa Ittifoqi mamlakatlariga eksport qilish bo‘yicha muzokaralarni davom ettirishga kelishib olgan.
Ushbu ehtiyotkor iboralar ortida nafaqat Rossiya-Ukraina urushi boshlanganidan beri, balki so‘nggi yillarda Ukraina va Polsha o‘rtasidagi eng jiddiy mojaroga barham berishga urinish turibdi.
Urush boshlanganidan beri Ukraina qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini eksport qilish imkoniyatlari keskin cheklanib qoldi. Oqibatda Ukrainadan Yevropa Ittifoqi mamlakatlariga o‘tuvchi transport yo‘laklariga yuklama ortdi. Bu esa Polsha, Vengriya va Slovakiya fermerlari g‘allasi arzonlashishiga olib keldi.
Bu birinchi navbatda fermerlar noroziligiga sabab bo‘ldi. So‘ngra hukumatlar o‘z fermerlarini qo‘llab-quvvatladi – 2023 yil 16 apreldan boshlab Ukraina g‘allasini Yevropa Ittifoqiga olib kirish taqiqlandi. Bu qaror Ukrainaning Yevropa Ittifoqidagi qo‘shnilari tomonidan qo‘llab-quvvatlandi.
Ammo Yevrokomissiya 15 sentabrdan boshlab, taqiqni uzaytirmaslikka qaror qildi. Polsha rasmiylari bunga javoban Ukraina g‘allasi importini taqiqlashda davom etishini aytishdi.
Yuzaga kelgan tajanglik ikki davlat siyosatchilari o‘rtasida keskin mulohazalar yangrashiga olib keldi. Hatto bu BMT Bosh Assambleyasi doirasida ham, uning majlisida ham sodir bo‘ldi.
Polsha prezidenti Anjyey Duda Ukrainani cho‘kib ketayotgan odamga qiyosladi. «Kim cho‘kayotgan odamni qutqarishda qatnashgan bo‘lsa, bunday odam xavfli ekanini biladi, chunki u sizni chuqurlikka tortib ketishi mumkin», dedi u.
Volodimir Zelenskiyning javobi bir necha soat ichida keldi: «Ayni paytda Yevropada ba’zilar qanday qilib birdamlikni buzayotgani va siyosiy teatr yaratayotgani, g‘alladan triller yasayotganini ko‘rish dahshatli. Ular o‘z rolini o‘ynayotgandek tuyulishi mumkin, ammo ular moskvalik aktyor uchun sahna yaratishda yordam bermoqda».

Polsha tomoni bunga norozilik bildirdi va har ikki davlat siyosatchilari o‘rtasida tanqidiy fikr almashish davom etdi. Shu fonda Polsha bosh vaziri Mateush Moravetskiy bayonoti ajralib turdi. U o‘z mamlakati endi o‘zini qurollantirayotgani va Ukrainaga qurol-yarog‘ yetkazib bermayotganini aytdi.


















