Uchrashuv yakunlariga ko‘ra, Bayden Amerika bundan keyin ham Ukraina xavfsizligi va mustaqilligiga sodiq qolishini ta’kidlagan.

«Axir gap aynan shu haqda ketmoqda. Kelajak haqida, erkinlikning kelajagi haqida. Amerika hech qachon bundan qayta olmaydi. Aynan shuning uchun biz besh yuz yetmish besh kundan keyin ham Ukraina bilan birgamiz va sizning yoningizda turishda davom etamiz, janob prezident», — degan Bayden Volodimir Zelenskiyga murojaat qila turib.

Shuningdek, Bayden Ukraina uchun navbatdagi harbiy yordam paketini tasdiqlagan. Pentagon xabariga ko‘ra, uning qiymati 325 mln dollarni tashkil etadi. Bu 30 sentabr kuni yakunlanadigan hozirgi moliya yili budjetining qolgan qismidan qoplanadi.

Paketdan Kiyevdagilar anchadan buyon so‘rab keladigan, 300 km masofaga harakatlanadigan ATACMS raketalari o‘rin olmagan. Ammo unda HIMARS uchun o‘q-dorilar, 155 mm kalibrli artilleriya snaryadlari, jumladan, kassetali DPICM o‘q-dorilari, shuningdek ko‘plab havo hujumidan mudofaa vositalari: havo-havo tipidagi AIM-9M raketalari, dronlarga qarshi kurashish uchun yirik kalibrli pulemyotlar va Avenger dala zenit-raketa komplekslari o‘rin olgan.

 Bayden muzokaralarda asosiy urg‘u Rossiya Ukrainaning energetika infratuzilmasini yo‘q qilishga qaratilgan yangi kampaniya boshlashi kutilayotgan qish mavsumida havo hujumidan mudofaa vositalari yetkazib berish masalasiga qaratilganini aytgan.

Yelena va Volodimir Zelenskiy AQSh mudofaa vaziri Lloyd Ostin va Shtab boshliqlari birlashgan qo‘mitasi boshlig‘i Mark Milli bilan. Foto: EPA-EFE/REX/SHUTTERSTOCK

Shuningdek, Bayden keyingi haftada Ukraina Amerikaning dastlabki Abrams tanklarini qabul qilib olishini eslatgan. Ularni yetkazib berish (jami 31 dona) bo‘yicha qaror yanvardayoq qabul qilingandi, ammo texnikani, ekipaj va xizmat ko‘rsatuvchi personalni tayyorlash ko‘p vaqt talab etdi.

«Jamoatchilikka Ukraina nima uchun bunchalik muhim ekanini eslatish muhim, — deya  qayd etgan Pentagon matbuot kotibi general Pet Rayder. — Agar Rossiya Ukrainani millat sifatida yo‘q qilishga muvaffaq bo‘lsa, u bu bilan to‘xtamaydi. Men AQSh va xalqaro hamjamiyatning [Ukrainadagi urushga] reaksiyasini Xitoy kabi mamlakatlar diqqat bilan kuzatib borayotganiga shubha qilmayman. Shunday ekan, ma’lum ma’noda tiyib turuvchi ta’sir haqida ham gapirish mumkin».