Kuldoshevlar oilasi Yevropani sayohat qilish uchun mashinada yo‘lga chiqqan. Oila 56 kunlik sayohat davomida 23 ming kilometr masofani bosib o‘tdi. “Jyenevada bizni ko‘rgan o‘zbeklar shuncha yo‘ldan mashinada keldingizmi deb hayratda qolishdi”, – deydi Avazbek Kuldoshev. U Kun.uzʼga bergan intervyusida sayohati haqida batafsil gapirib berdi. Xo‘sh, Yevropani mashinada kezish qanchaga tushdi, ular qanday viza oldi – videodan bilib olasiz. 

Kuldoshevlar oilasi asli Farg‘ona viloyatining Qo‘qon shahridan. Oilaboshi Avazbek Kuldoshev tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanadi. Farzandlari – Iymona, Mahdi va Dovud.

“Gruziyadan Turkiyagacha: ilk oilaviy sayohatni o‘tgan yili qishda boshlaganmiz”

Oilaviy sayohat qilishni o‘tgan yili boshlaganmiz. Yangi yil ta’tilida Gruziyaga chang‘i uchishga borishni xohlagandik. Gudauri shahri tog‘li joy bo‘lgani uchun, u yerda qor bo‘lishi kerak edi, lekin biz borganda qor bo‘lmagan. O‘sha paytda O‘zbekistonda juda qattiq sovuq bo‘lgani uchun bolalarning maktab ta’tili cho‘zildi, shu sababli orqaga qaytishga emas, sayohatni davom ettirishga qaror qildik. Gruziyadan Turkiyaga o‘tdik, Kutaisi shahrida chiroyli g‘or bor ekan, o‘sha g‘orni ko‘rdik. Keyin Batumiga o‘tdik, u yerda ham 3 kecha qolib, Istanbulga ketdik. O‘zbekistondan uzoqlashishimiz bilan havo isib ketdi, Turkiyada yanvar oyida bitta futbolkada yurdik. Istanbulda 10 kuncha qolib, keyin O‘zbekistonga qaytdik.

Gudauri. Foto: Avazbek Kuldoshevning shaxsiy arxividan

Shunday qilib, birinchi borganimiz dekabrda bo‘lgan, O‘zbekistondan Turkiyagacha mashinada borganmiz. Bu oilaviy mashina, faqat sayohat uchun olganmiz, shaharda boshqa mashinada yuramiz.

“Yevropaga 1 yilga viza olish oson bo‘lmagan”

Qishki sayohatni o‘tkazganimizdan keyin butun Yevropani aylanib chiqamiz, Londongacha yetib olamiz, deb niyat qildik. Buning uchun bilasiz, viza olish kerak, bu jarayonda biroz qiyinchilik bo‘lgan. Hujjatlar tayyorlashda yordam beradigan odam topish qiyin kechgan. Bir ikkita turfirmalarga murojaat qilganimda “Yevropaga birinchi marta chiqyapsizlar, sizlarga uzoq muddatga viza berilmaydi”, deyishgandi. Bir do‘stim shu sohada ishlaydi, undan maslahat so‘rasam, “olsang bo‘ladi, hamma hujjatlaringni to‘g‘ri yig‘ib, elchiga oilaviy kirib tushuntirsang, viza beradi”, degandi. Hujjatlarni Italiya elchixonasiga topshirganmiz va oilaviy hammamiz kirganmiz. Biz vizani bir yilga so‘ragan edik. Suhbatda “nima qilasizlar bir yil Yevropada?” deyishgan. Biz eng kamida 2 oy sayohat qilamiz, qishda Italiyaga chang‘i uchgani boramiz, deganmiz. Javobini aytamiz deb, hujjatlarimizni olib qolishgan. Shunday qilib, 2 haftada Yevropaga 1 yillik vizamiz chiqdi.