Ukrainadagi urushning 579-kuni o‘tdi. Asosiy ma’lumotlar: 

  • Amerikaning Abrams tanklarining ilk partiyasi Ukrainaga yetib keldi. Ularning soni qanchaligiga — aniqlik kiritilmagan. AQSh Ukraina qurolli kuchlari uchun jami 31 ta Abrams tanklari berishni va’da qilgan.
  • RF Boltiq floti urush tufayli endi hujumkor desant amaliyotlari o‘tkaza olmaydi, bu haqda harbiy mojarolarni tahlil qilishga ixtisoslashgan Rochan Consulting kompaniyasi tahlilida aytiladi.
  • Ukrain harbiylari RF Qora dengiz flotining Sevastopoldagi shtabiga 22 sentabr kuni yo‘llangan raketa zarbasi oqibatida 34 ofitser halok bo‘lgani, qurbonlar orasida flot qo‘mondoni ham bo‘lgani to‘g‘risida xabar berdi. Bu ma’lumot hozircha rasman tasdiqlanmagan.
  • Ukraina 25 sentabr kuni Qrimdagi nishonlarga raketa zarbalari berdi. Rossiya manbalari ikki raketa urib tushirilganini ma’lum qilgan, ammo uchib kelgan raketalarning jami soni qancha bo‘lgani va zarba oqibatlari qay darajada ekani haqida hozircha ma’lumot yo‘q. Ukraina tomoni bu haqda hech qanday xabar bermagan.
  • Xuddi shu vaqtda rossiyalik harbiylar Mikolayiv hududiga zarba yo‘lladi — taxminlarga ko‘ra ikki raketa bilan, yoki, yo‘naltirilgan aviabombalar orqali. Mikolayiv shahri meri aholini zarba qayerga kelgani borasida sukut saqlashga chaqirgan; Rossiyaning Rybar harbiy telegram-kanali zarba shahardagi Kulbakino aeroportiga berilgani haqida xabar berdi, bu yerda Ukraina havo kuchlari samolyotlari joylashgan.

Odessa o‘qqa tutilishi oqibatlari

25 sentabrga o‘tar kechasi Rossiya qo‘shini Odessani o‘qqa tutdi. Shaharda dengiz vokzali binosi, vokzal yaqinidagi mehmonxona va omborlar shikastlangan, g‘alla saqlash joyi yakson etilgan. Portlash to‘lqini tufayli atrofdagi uylarning derazalari to‘kilib ketgan, tinch aholi vakillaridan bir kishi yaralangan.

Rossiya raketa zarbasi oqibatida shikastlangan Odessa dengiz vokzali yonidagi mehmonxona
EPA / Scanpix / LETA