Prezident Shavkat Mirziyoyev AQShga qilgan safarida mamlakatda istiqomat qilayotgan o‘zbekistonliklar bilan uchrashdi. Ushbu uchrashuvda iqtisodchilar Harvard universiteti doktoranti Botir Qobilov hamda Viskonsin universiteti katta ilmiy xodimi Behzod Hoshimov ham qatnashdi va prezident bilan suhbatda bo‘ldi. Ular navbatdagi podkastida davlat rahbari bilan bo‘lgan suhbat tafsilotlarini ma’lum qildi.

Botir Qobilov: — Tashrif doirasida AQShda yashovchi o‘zbekistonliklar bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi va bizni ham chaqirishdi. Bundan mamnun bo‘ldik, albatta. Taassurotlar ko‘p. Yig‘ilganlar va prezidentimiz o‘rtasida suhbat ancha yaqin va samimiy bo‘ldi. 

Behzod Hoshimov: — Uchrashuv bo‘lishini eshitib, o‘zim uchun nutq tayyorladim, ancha uzun bo‘ldi. Buncha gapni gapirishga imkon bo‘ladimi, yo‘qmi deb ikkilanib bordik. 

Uchrashuv avvalida prezident barcha bilan qo‘l berib so‘rashib chiqdi. Men bilan ham ko‘rishib, kuzatib, o‘qib borishlarini aytdi. Men uchun syurpriz bo‘ldi bu. Qisqa ma’ruzadan keyin vatandoshlarimizning fikrlari eshitildi. Menga ham so‘z berildi. Iqtisodchi bo‘lganim uchun iqtisodiyot haqida gapirdim. Meni ko‘p o‘ylantiradigan narsa O‘zbekistonning iqtisodiy o‘sishi va farovonligi. Iqtisodiy rivojlanish boshqa ijtimoiy muammolarni yechishning birinchi yo‘li. 

Nutqimda O‘zbekiston 1991 yilda kishi boshiga 654 dollar o‘rtacha daromad to‘g‘ri kelgan bo‘lsa, hozir 2200 dollar to‘g‘ri kelishini aytdim. 30 yil ichida biz qanchalik rivojlanishga erishdik va boshqa davlatlar, jumladan, Xitoy, Vetnam, Polsha kabi davlatlar muvaffaqiyatliroq iqtisodiy ko‘rsatkichlar tarixi haqida gaplashdik. Bu o‘sishlarning sabablari, yo‘nalishlari keltirildi. Bu ma’lumotlardan keyin O‘zbekistonda islohot qilinayotgan va chuqurroq islohot qilinishi kerak bo‘lgan 5 ta soha haqida gapirdim. Birinchisi — huquqiy muhit, ya’ni adolatli va shaffof bo‘lgan sud tizimi, huquqni muhofaza qilish tizimi, bu — eng muhim narsa. Ikkinchisi — O‘zbekiston dunyo bozoriga kirish uchun erkin savdo muhitiga ega bo‘lishi, JSTga a’zo bo‘lish, byurokratik va boshqa to‘siqlar olinishi kerak. Uchinchisi — erkin kapital mavjud bo‘lishi, korxonalarni kapital ta’minlash kerak va bu ham huquqiy muhitga borib taqaladi. To‘rtinchisi — infratuzilma, ya’ni suv, elektr, gaz kabi birinchi darajali ifratuzilma barqarorligi, buning uchun esa xususiylashtirish, investitsiya kiritish kerak bo‘ladi. Beshinchisi — ilm-fanga davlat tomonidan investitsiya kiritish. 

Prezidentning o‘zi ham YaIMning 1 foizdan ham kami ilm-fanga yo‘naltirilishini aytdi. Fikrlarimning har bir bandiga prezidentimiz o‘z munosabatlarini bildirdi. Qaysi punktlarda progress kam yoki ko‘pligini so‘radi, iqtisodiy o‘sishga to‘siqlar haqida aytildi. Chuqur va bafurja fikr almashdik. Nutqim davomida prezidentimiz muhim joylarini o‘rinlaridan turib, yaqinroq kelib eshitdi. Shuncha uzun nutqdagi raqamlarni eslab qolib, muhokama qildi. Mana shunday muloqot menga nekbin hislar berdi. Ekspert-olim do‘stlarimiz bilan qo‘ldan kelgancha yordam berishizni aytib o‘tdim. Vatanimizga xizmat qilish — sharaf va majburiyat.