O‘zbekiston suv xo‘jaligi vaziri Shavkat Hamroyev Kun.uz’ga bergan intervyusida Qo‘shtepa kanali bo‘yicha Afg‘oniston tomoni bilan olib borilayotgan muzokaralar haqida ham gapirdi.

— Qo‘shtepa kanali — biz uchun kutilayotgan eng katta xavflardan biri. Bu masala prezident Mirziyoyev tomonidan BMT minbarida ham gapirildi, xavotirlar aytildi, kelishuv kerak, deyildi. Mana shu kelishuv jarayoni bugun qay bosqich yoki nuqtada?

— Ha, dunyodagi eng katta minbar bo‘lmish BMTda prezidentimiz atrofimizda yana bir katta suv iste’molchisi paydo bo‘ldi, biz bu tomon bilan muloqot qilishimiz, suv taqsimoti jarayonida u ham qatnashishi kerak, dedi va boshqa masalalarni ham alohida ta’kidlab, xalqaro hamjamiyat e’tiborini qaratdi.

Qo‘shnilarimiz Panj daryosidan suv oladi. Bu daryo Afg‘oniston va Tojikiston chegarasi. Daryo irmoqlari quyilib shakllanadi va uning taxminan 35 foizi Afg‘oniston hududidan olinadi, shuning uchun ham Afg‘oniston suvga da’vogar bo‘lyapti. Hozirda shu bo‘yicha muloqotlar bo‘lyapti. O‘tgan oyda vazir birinchi o‘rinbosari Azimjon Nazarov, Suv xo‘jaligi vazirligi axborot-tahlil resurs markazi boshlig‘i Zokir Eshpo‘latov Afg‘onistondagi elchimiz bilan birgalikda Afg‘oniston tomoni bilan muloqotda bo‘ldi. Ammo muloqotda Afg‘oniston tomonidan energetika va suv xo‘jaligi vaziri qatnashmagan. Ular ba’zi ma’lumotlarni olsa, keyin uchrashishga tayyor ekanini bildirishgan. Prezidentimiz tomonidan bu masalaga e’tibor berilgach, Afg‘oniston tomoni yana aloqaga chiqdi va biz suv masalalari bo‘yicha hech qanday xalqaro majburiyat olmaganmiz, konvensiyalarni ratifikatsiya qilmaganmiz, dedi. Lekin baribir xalqaro talablar bo‘ladi, tarixan foydalanib kelganmiz biz. Tojikiston ham bor bu masalada, faqat O‘zbekiston emas. Surxondaryo hududidan o‘tgandan so‘ng Amudaryo suvi O‘zbekiston va Turkmaniston o‘rtasida taqsimlanadi. Sanitar ehtiyojlar uchun Orolbo‘yiga ham suv beriladi.

Hozirda Qo‘shtepa kanalining 100 kmdan ko‘proq qismi qazib bo‘lindi, qurib bo‘lingani yo‘q. Masalan, kanal va daryolarda taxminan har 10 kmda ko‘prik bo‘lishi kerak, suv oluvchi inshootlar ham quriladi. Ko‘priklari 100 mln, suv oluvchi inshootlarga esa 200 mln dollar atrofida mablag‘ kerak bo‘ladi. Ba’zi joylarga suv nasos orqali chiqariladi. Hisob-kitoblarimizga ko‘ra, taxminan 600 mln dollar mablag‘ kerak. Afg‘onistonning o‘zining qurbi yetmaydi bu mablag‘ga. Qurilayotgan joylarga har davlatlardan kompaniyalar borgan, masalan, Xitoydan. Xitoyliklar neftni qayta ishlovchi korxona ochgan, ularga ham suv kerak. Qaysidir davlat geologik ishlar olib boryapti minerallar o‘zlashtirish bo‘yicha, ularga ham suv kerak.