Jahon | 10:10 / 05.10.2023
8378
3 daqiqa o‘qiladi

Yevropadagi qator davlatlar vaqtincha chegara nazoratini joriy qilmoqda

Yevropa Ittifoqining Markaziy Yevropadagi bir qancha davlatlari o‘z chegaralarining ayrim uchastkalarida vaqtincha nazorat joriy qilmoqda. Bu muhojirlarni chegaradan noqonuniy olib o‘tayotgan jinoiy guruhlar faoliyatiga chek qo‘yish maqsadida qilinmoqda. 

Foto: Shutterstock

Chegaralardan noqonuniy ravishda muhojirlarni olib o‘tayotgan jinoiy guruhlarga qarshi kurashda bir qator Markaziy Yevropa davlatlari vaqtincha chegara nazorati choralarini qo‘llashga majbur. Slovakiya hukumati 4 oktyabr, chorshanba kuni Vengriya bilan janubiy chegaraga politsiyachilarni jo‘natish qarorini e’lon qildi

Bratislavadagi TASR agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, Slovakiya-Vengriya chegarasida nazorat 5 oktyabrdan boshlab qo‘llana boshlaydi va dastlab o‘n kun davom etadi. Tekshiruvlar 650 kmdan ortiqroqqa cho‘zilgan butun chegara bo‘ylab «moslashuvchan» tartibda amalga oshiriladi. Maqsad – «Bolqon yo‘li» bo‘ylab Yevropaga kelayotgan va Slovakiyadan tranzit mamlakat sifatida foydalanib G‘arbiy Yevropaga yetib borishni xohlovchi noqonuniy muhojirlar sonini kamaytirish. 

Slovakiyada yil boshidan sentabr oyi oxirigacha, Ichki ishlar vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, 39 688 nafar noqonuniy migrant qayd etilgan. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan o‘n bir barobar ko‘pdir. 

Germaniya ham chegara nazorati choralarini joriy qildi 

Avvalroq qo‘shni davlatlar – Chexiya, Polsha va Avstriya Slovakiya bilan chegarada nazoratni kuchaytira boshlagan edi. Chexiya politsiyasi 17 ta avtomobil, 7 ta temiryo‘l va 3 ta suv o‘tish joylarida, shuningdek, Slovakiya bilan 250 kilometrlik yashil chegarada tekshiruvlar o‘tkazmoqda. 

Polsha chegarachilari Slovakiya bilan chegaradagi sakkizta avtomobil va uchta temiryo‘l nazorat punktida nazoratni kuchaytira boshladi. 

Bir hafta oldin Germaniya ichki ishlar vaziri Nensi Fezer Polsha va Chexiya bilan chegarada noqonuniy muhojirlar yo‘llari bo‘ylab «qo‘shimcha moslashuvchan nazorat choralari joriy etish»ni buyurgan edi. Bu yil Germaniyada boshpana izlovchilar soni sezilarli darajada oshdi. 2023 yilning yanvaridan avgustigacha bu yerga 220 mingdan ortiq kishi birinchi marta boshpana so‘rab murojaat qilgan, bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 77 foizga ko‘p, deya eslatadi dpa agentligi. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid