5 oktyabr kuni Osiyo o‘yinlarida karate, slalomda eshkak eshish, jiu-jitsu kabi sport turlarida ham bahslar boshlandi. O‘zbekiston vakillari boks va kurash bo‘yicha bahslarda navbatdagi medallarni qo‘lga kiritdi.

Yunon-rum kurashi

O‘zbekiston uchun bugungi dasturlardagi ilk medal tajribali kurashchi, 39 yoshli Rustam Assakalov tomonidan olib berildi. -97 kg vazn toifasida ishtirok etgan sportchi dastlabki bosqichdayoq eronlik kuchli raqib Saravi Muhammadiyga duch keldi va 3:6 hisobida yutqazdi. Ammo ushbu raqibi yakunda finalga yetib borgani tufayli (u finalda oltin medalni ham o‘ziniki qildi), Assakalov bronza uchun o‘tish bahslarida qatnashish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Bronza yo‘lida dastlab qirg‘izistonlik Uzur Juzupbekovni mag‘lub etgan (8:1) Assakalov medal uchun bahsda qozog‘istonlik Islam Umayevni ham taslim etdi.

Rustam Assakalov shohsupada

Shu tariqa, Assakalov Osiyo o‘yinlarining uch karra sovrindoriga aylandi. U Inchxon-2014 o‘yinlarida oltin, Jakarta-2018 turnirida kumush medalni qo‘lga kiritgandi.

-130 kg vazn toifasi vakili Temurbek Nasimov esa ishtirokini muvaffaqiyatli boshlab, yaponiyalik Sota Okumara ustidan g‘alaba qozondi (9:0). Ammo chorakfinalda qozog‘istonlik Alimxan Sizdikovga yutqazdi (1:9), uning raqibi finalga yetib bora olmadi va unda bronza uchun kurashish imkoni bo‘lmadi.

Ayollar kurashi

Ayollar jamoasi uch imkoniyatda ikki medal qo‘lga kiritdi. Dastlab -53 kg vazn toifasi vakili Jasmina Immayeva hindistonlik Antimga yutqazdi (0:11), unda bronza kurashish imkoniyati ham yuzaga kelmadi.

-50 kg vazn toifasida ishtirok etgan va ishtirokini chorakfinaldan boshlagan Aktenge Keunimjayeva ham dastlabki kurashni yaponiyalik Yoshimoto Reminaga boy bergandi (3:14), ammo uning raqibi finalgacha yetib bordi (oltin medalni ham qo‘lga kiritdi), o‘zbekistonlik sportchida esa bronza uchun kurashish imkoniyati paydo bo‘ldi. U o‘tish bahsida Kamboja vakili Samnang Dit to‘sig‘idan o‘tdi, bronza uchun bahsda hindistonlik Gehlot Pujani mag‘lubiyatga uchratdi (9:2) va ushbu sport turida Osiyo o‘yinlarida sovrindor bo‘lgan ilk ayol kurashchiga aylandi.