Ukraina IIV dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, zarba «Iskander» raketa kompleksi bilan berilgani haqida xabar berdi.
Ukraina bosh prokuraturasiga ko‘ra, portlash 5 oktyabr kuni mahalliy vaqt bilan soat 13:25 da Groza qishlog‘ida ro‘y bergan, bu yerda 300 ga yaqin kishi yashab kelgan.
«Fuqarolik obektiga — qishloqdagi kafe-do‘konga zarba qayd etildi», — deyilgan idora xabarida.
Ukraina ichki ishlar vaziri Igor Klimenkoning xabar berishicha, zarba berilgan vaqtda kafedagi odamlar pominka (ma’raka) marosimida qatnashayotgan bo‘lgan.
«Bu yerda qishloqda vafot etganlardan birining pominkasi o‘tkazilayotgan bo‘lgan. Qishloqda jami 300 kishi yashagan, har bir uydan kamida bir kishi pominkada bo‘lgan», — degan Klimenko ukrain telemarafoni efirida.
Uning so‘zlariga ko‘ra, portlash oqibatida kafe va uning yaqinidagi do‘kon butkul vayron bo‘lgan.
Qurbonlar orasida - sakkiz yoshli bola ham bor, yana bir bola tan jarohati olgan.

Yakiv Lyashenko / EPA / Scanpix / LETA
Xarkiv oblasti ma’muriyati rahbari Oleg Sinegubovning so‘zlariga ko‘ra, qurbonlarning barchasi Groza qishlog‘ida yashab kelgan aholi vakillari edi.
Xarkiv oblastida 6-8 oktyabr qurbonlar xotirasiga motam kunlari deb e’lon qilingan.
Rossiya tomoni zarba yuzasidan izoh bermagan.
Ukraina prezidenti ofisi rahbari Mixaylo Podolyak qishloqqa hujum hech qanday harbiy mantiqqa to‘g‘ri kelmasligini bildirgan.
Hozirda Ispaniyada Yevropa yetakchilari bilan uchrashuvda bo‘lib turgan Volodimir Zelenskiyning o‘zi telegram kanalida zarba haqida birinchilardan bo‘lib xabar berdi.
«Yaqinlari va do‘stlarini yo‘qotgan barchaga hamdardlik bildiraman! Yaralanganlarga yordam ko‘rsatiladi», — deya yozgan u.
«Rossiyani haligacha qo‘llab-quvvatlayotgan har bir kishi yovuzlikni qo‘llab-quvvatlamoqda. Bu va shunga o‘xshash teraktlar Rossiyaga faqat bir narsa uchun kerak: o‘zining genotsidli tajovuzkorligini butun dunyo uchun yangi normaga aylantirish uchun. Va men hayotni himoya qilishda bizni qo‘llayotgan har bir yetakchi, har bir xalqqa minnatdorchilik bildiraman!» — degan yana Zelenskiy.



















