26 sentabr kuni Iroqning Naynav viloyati Bahdid shahridagi to‘yxonada sodir bo‘lgan dahshatli yong‘in oqibatida 120 kishi halok bo‘lib, 200 dan ortiq odam kuyish jarohati bilan kasalxonaga tushdi. Avvaliga kelin-kuyov ham qurbonlar orasida bo‘lgani aytilgandi, ammo keyinchalik ular tirik qolgani ma’lum bo‘ldi.

27 yoshli kuyov Revan va 18 yoshli kelin Xanin jurnalistlarga kichik intervyu ham berishdi. To‘g‘rirog‘i, intervyuda faqat kuyov gapirgan: «Biz hozir qarshingizda turibmiz, ammo ishoning, faqat tanamiz tirik qoldi xolos. Ruhan biz ham o‘lib bo‘ldik», deydi kuyov.

Uning aytishicha, xotini yong‘in oqibatida oilasining 10 nafar a’zosini yo‘qotgan: onasi, uch akasi, hamma amakilari, yosh amakivachchalari. Kuyovning onasi ham fojia oqibatida halok bo‘lgan.

Foto: AFP
Foto: AFP

Kuyov kelinni qanday qutqarganini aytib berdi: «Uni ko‘tarib oshxona orqali tashqariga olib chiqmoqchi bo‘ldim. Talato‘pda hamma tashqariga chiqishga urinib, uni bosib o‘tib ketishdi, shu sabab oyoqlari jarohatlangan. Shunday bo‘lsa-da, tashqariga chiqa oldik», deydi Revan.

Tarmoqda to‘ydagi yong‘in qanday boshlangani aks etgan kadrlar tarqaldi. Ular sifatli ekanidan to‘yni suratga olish uchun kelgan operatorlar kamerasida olinganini bilish mumkin. Videolarda kelin-kuyov raqs tushayotganda atrofida feyrverklar yoqilgani, ulardan biri shiftdagi pardaga tekkach, yong‘in boshlanganini ko‘rish mumkin.

Boshqa qadrlarda esa to‘yxonada o‘tirgan mingga yaqin odam jonholatda tashqariga otilgani ko‘rinadi. Eshikka yaqin o‘tirgan odamlar tezroq tashqariga chiqa olgan. To‘yxona ichkarisi mato va pardalarga to‘la bo‘lgani, dasturxonlar ham matodan tikilgani uchun alanga juda tez tarqalgan.

Foto: AP
Kelin va kuyov. Videodan kadr