Jahon | 09:21 / 09.10.2023
2504
3 daqiqa o‘qiladi

Ispaniyada kataloniyalik ayirmachilarga amnistiya e’lon qilinishi mumkin

Muxolifat partiyalari amaldagi rejalarga qarshi miting o‘tkazdi. Ispaniya bosh vaziri Sanches kataloniyalik ayirmachilarga amnistiya e’lon qilmoqchi. U amnistiyadan hokimiyatni saqlab qolish uchun foydalanishda ayblanmoqda. 

Foto: Emilio Morenatti/AP/picture alliance

Barselonada o‘n minglab odamlar Ispaniya amaldagi so‘l hukumatining kataloniyalik separatistlar rahbarlarini amnistiya qilish haqidagi va’dasiga qarshi chiqdi. 8 oktyabr, yakshanba kuni shahar markazida o‘tkazilgan mitingda Ispaniyaning muxolif konservativ Xalq partiyasi yetakchisi Alberto Nunes Feyxoo va o‘ng qanot populistik Vox partiyasi rahbari Santyago Abaskal ishtirok etdi

Ispaniyaning amaldagi bosh vaziri Pedro Sanches parlamentda yangi koalitsiya tuzish uchun Kataloniya ayirmachi partiyalari qo‘llab-quvvatlashi maqsadida ko‘rib chiqayotgan amnistiya demokratiyaga zid, dedi Feyxoo aksiya boshlanishidan oldin. Namoyish mintaqaning Ispaniyadan ajralib chiqishiga qarshi kurashish maqsadida tashkil etilgan «Kataloniya fuqarolik jamiyati» tashkiloti tomonidan o‘tkazildi. U 300 mingga yaqin ishtirokchi, Barselona politsiyasi esa 50 mingga yaqin ishtirokchi haqida xabar berdi. 

23 iyul kuni Ispaniyada bo‘lib o‘tgan parlament saylovlarida Sanches boshchiligidagi Ispaniya sotsialistik ishchilar partiyasi Xalq partiyasidagi konservatorlarga ustunlikni boy berib, ikkinchi o‘rinni egalladi. Qirol Felipe VI Xalq partiyasi yetakchisi Feyxooga koalitsiya tuzishni ishonib topshirdi, biroq uning nomzodi parlament quyi palatasi tomonidan kichik farq bilan rad etildi. Endi Sanchesga koalitsiya tuzish vazifasi qo‘yilgan. 

Kataloniya partiyalari qo‘llab-quvvatlamasa, Sanches parlamentda ko‘pchilik o‘rinni qo‘lga kirita olmaydi 

Biroq, u buni ushbu mintaqa hukumati rahbari Pere Aragones boshchiligidagi «Kataloniya so‘l respublikachilari» partiyasi va Kataloniya mintaqaviy ma’muriyati sobiq rahbari, Belgiyada bir necha yil davomida yashirinib yurgan Karles Puchdemonning «Birgalikda» koalitsiyasi ko‘magisiz amalga oshira olmaydi. Ikkalasi ham Kataloniya uchun mustaqillikka erishmoqchi va 2017 yilda Kataloniya suverenitetini e’lon qilishga uringan separatist siyosatchilarga amnistiya berilishini talab qilmoqda. Ispaniya hukumati ularning bir qismini 2021 yilda afv etgan. 

Sanches yaqin kunlarda katalon partiyalari bilan muzokaralar olib borish niyatida. Agar u 27 noyabrgacha hukmron koalitsiyani tuza olmasa, Ispaniyada yangi parlament saylovlari 14 yanvarga belgilanadi. 

«Amnistiya yarashuvga qaratilgan emas. Sanchesning Ispaniya sotsialistik ishchilar partiyasi faqat hokimiyatda qolishni istaydi», - deydi muxolifatdagi konservativlar yetakchisi Feyxoo. Abaskal Sanchesning rejalarini konstitutsiyaga zid bo‘lgan «isyon» deb atadi. 

O‘z navbatida, Kataloniya ma’muriyati rahbari Aragones bayonot berib, unda Barselonadagi amnistiyaga qarshi namoyishni «o‘ng va o‘ta o‘ng kuchlarning Kataloniyadan o‘ch olish rejasi muvaffaqiyatsizlikka uchraganining tasdig‘i» deb atadi. 

Mavzuga oid