Klublar futboli boshlanganiga endigina ikki oy bo‘lsa-da, mavsum juda ko‘p yangi nomlarni, eski nomlardagi yangi xislatlarni kashf qilmoqda. Bu bilan esa, tabiiyki, futbol tomosha qilish yanada zavqli bo‘ladi. Xo‘sh, Messi va Ronaldu Yevropani tark etgan ilk mavsumda, hamma Holand – Mbappe qarama-qarshiligini rasman kutib olishi kerak bo‘lgan bugungi pallada Yevropada kimlar porlamoqda? Quyida mana shunday futbolchilardan bir nechasi bilan tanishamiz.

SeRU GIRASSI (Shtutgart)

Foto: Eibner-Pressefoto/Wolfgang/Global Look Press

Aprel oyida «Shtutgart» xavfli zonaga tushib ketgach, Bruno Labadiya iste’foga chiqarilib, o‘rniga Sebastiyan Hyoness jamoaning yangi bosh murabbiyi etib tayinlangandi. Jamoa keyingi 8 turda 3 g‘alaba va 4 durangga erishdi va o‘tish o‘yinida «Hamburg»ni yengib, Bundesligada qolishni uddaladi. Hozir esa «Shtutgart» ligani «yondiryapti», 7 turdan so‘ng «Bavariya», «Borussiya» kabi jamoalarni ortda qoldirib, 2-o‘rinni egallab turibdi. Bu natijalarning maydondagi qahramoni ham bor – Seru Girassi.

Gvineyalik 27 yoshli hujumchi shu paytgacha Fransiya chempionatini aylanib chiqqan, «Kyoln»da ham ijara asosida to‘p surgan, o‘tgan yili «Shtutgart» safida ham gol urib yurgan, ammo bu safargisi rostan ham o‘ta yorqin bo‘lyaptiki, bizgacha yetib keldi. Girassi 7 turning o‘zida 13 gol va 1 assistni amalga oshirdi. Ikki marta het-trik, ikki marta dubl qayd etdi, to‘rt marta Whoscored portali tomonidan 9 dan yuqori bahoga loyiq ko‘rildi. O‘rtacha baho bo‘yicha Girassi Bellinhem, Saka, Mbappe kabi futbolchilarni ham ortda qoldirib, kuchli beshlikning eng yaxshisi bo‘lib turibdi.

«Shtutgart» o‘tgan mavsumda ijarada to‘p surgan futbolchi uchun shu yozda «Renn»ga 9 million yevro to‘lagan edi.  

GUGLIYeLMO VIKARIO (Tottenhem)

Foto: Tottenhem klubi rasmiy sayti

Ugo Liorisning yoshi o‘tib, xatolari ko‘payib ketgach, yangi mavsumda «Tottenhem» yangi darvozabon uchun bozorga chiqishi ma’lum edi. So‘nggi daqiqalargacha «Brentford» bilan David Rayya uchun muzokaralar olib borgan, ushbu ispaniyalik darvozabon «Tottenhem»ga o‘tishi vaqt masalasi bo‘lib qolgandi. Ammo ko‘pchilik uchun kutilmaganda, aniqrog‘i, «Brentford» Rayya uchun transfer narxida qattiq turavergach, «shporlar» e’tiborini A Seriyadagi kamtargina «Empoli» futbolchisi Gugliyelmo Vikarioga qaratdi.